Uvays Qaraniy

Uvays Qaraniy (657) Sufiylikdagi uvaysiya tariqati asoschisi. Muhammad (sav) davrlarida yashagan bo’lsa ham u zot bilan uchrashmagan. Rivoyatlarga ko’ra, Rasululloh (sav) Uhud tog’i etagidagi jangda (625 yil) muborak ikki tishlaridan ajralganlarida (boshqa manbalarga ko’ra oldingi pastki jag’laridagi bir tishga tosh tegib maydalab yuborgan) bundan xabar topgan Uvays Qaraniy Muhammad (sav) ga bo’lgan yuksak hurmati yuzasidan, ul zotga dushmanlar yetkazgan sitamni o’zida sinash maqsadida avval bir tishini, so’ngra shubhaga o’rin qolmasligi uchun o’zining barcha tishlarini sug’urib olgan. Muhammad (sav) unga sahobalar qatoriga qo’shilishini taklif etgan. Muhammad (sav) vafoti oldidan Hazrati Aliga xirqalarini Uvays Qaraniyga topshirishni vasiyat qilgan. Uvays Qaraniy Ali ning Muoviya bilan bo’lgan Siffin jangida halok bo’lgan. Boshqa ma’lumotlarga ko’ra, Uvays Qaraniy Xo’tanda vafot etib, shu yerga dafn etilgan.