Varshava

Varshava — Polsha Respublikasining poytaxti, Varshava voevodaligining ma’muriy markazi. Mamlakatning eng katta shahri, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy markazi. Vislaning har ikki sohilida joylashgan. Iqlimi mo’tadil kontinental, o’rtacha yillik yog’in 558 mm; yanvarning o’rtacha temperaturasi -3,5°, iyulniki 19°. Aholisi 1,628 million kishi (1997). Shahar 8 ta ma’muriy rayonga bo’lingan. Varshava tarixiy manbalarda 13-asrdan boshlab tilga olinadi. 15-16-asrlarda Mazoveskiy knyazligi, 16-asr oxiri — 19-asr boshigacha butun Polsha poytaxti, 1807-13 yillar Varshava knyazligi, Vena Kongressi (1814-15) qaroriga muvofiq, Varshava Rossiya tarkibiga kirgan Polsha Qirolligining poytaxti. 19-asr oxiridan yirik sanoat shahri. 1915— 18-yillarda Varshavani Germaniya qo’shinlari bosib oldi. 1918 yil kuzidan mustaqil Polsha davlatining poytaxti. 1939 yil sentabrda Varshavani nemis qo’shinlari egalladi. 1945 yil 17 yanvarda Varshava ulardan ozod qilindi. O’sha vaqtdan boshlab, shaharni tiklash ishlari boshlanib ketdi. Qayta tiklash ishlarining butun dunyo miqyosidagi ramzi sifatida Varshavaga jahon faxriy mukofoti berilgan (1950). 1955 yil dav.da Varshava shartnomasi imzolandi. Varshava mamlakatdagi transport yo’llarining yirik tuguni va muhim sanoat markazi. Shahardan 9 temir yo’l va 9 avtomobil yo’li chiqadi. 2 dare porti va Okentse xalqaro aeroporti bor. Mashinasozlik va metallsozlik (Avto qurilish, elektrotexnika va boshqalar), metallurgiya, kimyo, poligrafiya, tikuvchilik va oziq-ovqat sanoati tarmoqlari rivojlangan. Varshavada 15 oliy o’quv yurti, jumladan universitet (1918 y.dan), politexnika instituti (1915), iqtisod va qishloq xo’jalik oliy o’quv maktabi joylashgan; konservatoriya, Polsha Fanlar Akademiyasi, meditsina, nafis san’at va jismoniy tarbiya akademiyalari bor. Ko’plab kutubxona, 20 dan ziyod muzey, teatrlardan katta teatr, Xalq teatri mavjud. Me’moriy yodgorliklardan gotika uslubidagi Yan sobori (14-a.), Qasr maydonidagi (1643) sigizmund III ustunlari (1644), Krasinskiylarning sobiq saroyi (17-asr), Vilyanuv (17-asr) va Lazenki (18-asr) bog’saroy ansambllari va boshqalar saqlangan.