VERSAL SULH SHARTNOMASI

VERSAL SULH SHARTNOMASI — birinchi jahon urushi tugaganidan keyin g’olib davlatlar bilan Germaniya o’rtasida Versal shahrida imzolangan sulh shartnomasi (1919-yil 28-iyun). Unga binoan Germaniya ilgari bosib olgan anchagina hududlarni bo’shatib berdi. Fransiya – Elzas va Lotaringiya viloyatlarini, Polsha ilgari o’ziga tegishli bo’lgan ayrim hududlarni qaytarib oldi, Germaniya yangidan tashkil topgan Chexoslavakiya, Avstriya, Polsha davlatlarining mustaqilligi va daxlsizligini tan oldi. Germaniyaning 100 ming kishidan ortiq armiyaga ega bo’lishi va majburiy harbiy xizmat joriy etishi ta‘qiqlab qo’yildi, u birinchi jahon urushining aybdori, deb topilib, zimmasiga Antanta davlatlariga 132 mlrd. marka kontributsiya (tovon) to’lash majburiyati yuklandi. Versal sulh shartnomasi Germaniya iqtisodiyoti ustidan g’olib davlatlar nazoratini o’rnatdi. Gitler hokimiyat tepasiga kelgach, Versal sulh shartnomasini buza boshladi, unda ko’rsatilgan harbiy majburiyatlarni bajarmasligini bildirdi (1935-yil 25-may). II jahon urushi boshlariga kelib Versal sulh shartnomasi butunlay ahamiyatsiz bo’lib qoldi.