Virginiya orollari

Virginiya orollari – Vest-Indiyadagi (100 ga yaqin) mayda orollar. Buyuk Britaniya (maydoni 153,4 km2, aholisi 13 ming kishi, 1987; ma’muriy markazi — Rodtaun shahri) va AQSh (maydoni 355 km2, aholisi 104 ming kishi, 1993; ma’muriy markazi — Sharlotta-amaliya shahri) mulki. Aholisi negr va mulatlar. Virginiya orollari neogen davri ohaktoshlaridan tuzilgan, relefi tekislik. Virginiya orollarida tog’ hosil bo’lish jarayoni davom etmoqda. Eng baland joyi 543 metr. Iqlimi issiq va nam tropik iqlim. Yillik yog’in 1200 mm. Tez-tez bo’ron bo’lib turadi. Doim yashil o’rmonlar bor. Aholi shakarqamish o’stirish, sabzavotchilik, chorvachilik bilan shug’ullanadi. Neftni qayta ishlovchi, alyuminiy, soat, rom, shakarqand ishlab chiqarish korxonalari bor. Chetga shakarqand, rom, tsitrus mevalari va chorva mollari chiqariladi. Turizm rivojlangan. Virginiya orollarini 1493 yilda X. Kolumb kashf etgan.