Xalqaro mehnat tashkiloti

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) — BMTning ixtisoslashgan muassasasi. 1919 yilda Millatlar ligasi (Ittifoqi) huzurida mehnat qonunlari va mehnat sharoitlarini yaxshilash masalalari bo’yicha Konventsiya va tavsiyalarni ishlab chiqish uchun xalqaro komissiya sifatida tuzilgan; Xalqaro mehnat tashkiloti 8 soatlik ish kuni, onalikni himoya qilish, bolalar mehnatiga oid qonunlar va ish o’rinlarida xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan xalqaro me’yorlar ishlab chiqilishiga, ish bilan bandlik dasturlarini tayyorlashga katta hissa qo’shdi. Xalqaro mehnat tashkilotiga 170 dan ortiq davlat a’zo (2000). O’zbekiston Respublikasi 1992 yil Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo davlatlar tarkibiga kirgan, tashkilotning 11 ta konventsiyasini ratifikatsiya qilgan. Bu tashkilot mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va yaxshilash, ish bilan to’liq bandlikni ta’minlash va turmush darajasini ko’tarish, tadbirkorlar va mehnatkashlar o’rtasida hamkorlikni rag’batlantirish choralarini ishlab chiqish uchun hukumatlar, tadbirkorlar va mexnatkashlarni teng huquqlarda birlashtiradi. Xalqaro mehnat tashkiloti tarkibi xalqaro mexnat konferentsiyasi; ma’muriy kengash; xalqaro mehnat byurosi; uch tomonlama qo’mitalar; mintaqaviy va maxsus konferentsiyalardan tashkil topgan. Qarorgohi Jenevada. Tinchlikni mustahkamlash yo’lida ko’rsatilgan faoliyat uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’lgan (1969).