Xalqaro savdo-ko’rgazma majmuasi

Xalqaro savdo-ko’rgazma majmuasi, «Toshkent Plaza» xalqaro savdo ko’rgazma majmuasi — Toshkent shahridagi yirik savdo-ko’rgazma markazi; majmua nomidagi «Plaza» atamasi Sharqda keng ma’noni anglatadigan Tim so’ziga yaqin. 1999 yilda bunyod etilgan (me’mori A.To’xtayev). «Interkontinental» mehmonxonasidan Janubroqda. 2 qavatli va yer osti omborxonasiga ega bo’lgan bino 3 ming kvadrat metrdan ortiq savdo maydoniga ega. Usti yopiq ichki hovli (atriy) me’moriy mujassamotning markazida, uning ikki yonida rastalar joylashgan. Savdo rastalaridan dunyoga mashhur firmalarning do’konlari o’rin olgan. Hovli markazida hovuz va uning tomida suvi past (hovuz)ga oqib tushadigan favvora joylashtirilgan. Ma’muriyat, uchrashuvlar zali 1qavatda joylashgan. Majmua Amir Temur ko’chasi bilan sobiq Xalq xo’jaligi yutuklari ko’rgazmasining bosh paviloni oldini o’zaro bog’laydi.