XALQARO TASHKILOTLAR

XALQARO TASHKILOTLAR — mustaqil davlatlarning yoki hukumat qaramog’ida bo’lmagan milliy jamiyat (assotsiatsiya) larning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, fantexnika, madaniyat sohalarda umumiy maqsadlarga erishish uchun tuzilgan uyushmasi, birlashmasi; davlatlar o’rtasidagi ko’p tomonlama hamkorlikning eng muhim shakllaridan biri. Xalqaro tashkilotlar XIX asrda vujudga keldi va ikkinchi jahon urushidan keyin ko’plab tuzila boshladi. Hozirgi kunda Xalqaro tashkilotlarning soni 5 mingdan ortiq bo’lib, 350 tasi hukumatlararo tashkilotdir. Xalqaro tashkilotlar o’ziga xos bir qancha xususiyatlari bilan ajralib turadi. Jumladan, Xalqaro tashkilotlarning tuzilmasi, asosiy maqsad va tashkilot faoliyatining yo’nalishlarini belgilab beruvchi ta‘sis hujjati (ustavi) bo’ladi; bunday tashkilotlar doimiy yoki vaqti vaqti bilan faoliyat yuritadi; ko’p tomonlama muzokaralar va muammolarni muhokama qilish ular faoliyatining asosiy usuli hisoblanadi; qarorlar ovoz berish yoki consensus yo’li bilan qabul qilinadi; qarorlar, odatda, tavsiyaviy kuchga ega bo’ladi. Hukumatlararo Xalqaro tashkilotlar va nohukumat Xalqaro tashkilotlar, shuningdek, umumjahon va mintaqaviy tashkilotlar farqlanadi. Xalqaro tashkilotlar tashkilot, ittifoq, jamg’arma, bank, agentlik, markaz va shu kabi nomlar bilan ataladi. O’zbekiston Respublikasi 50 dan ortiq nufuzli Xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a‘zosidir.