XALQARO TIKLANISH VA TARAQQIYOT BANKI

XALQARO TIKLANISH VA TARAQQIYOT BANKI, XTTB (IBRD, International Bank for Reconstruction and Development) — BMTning ixtisoslashgan muassasasi, Jahon banki guruhiga kiradi. Xalqaro valyuta fondi bilan bir vaqtda, BMTning 1944-yilda Bretton Vuds (AQSH)da o’tkazilgan xalqaro valyuta moliya konferensiyasi qaroriga ko’ra tashkil etilgan. 1946-yildan o’z faoliyatini boshlagan. A‘zo davlat soni – 187 ta (2014). Unga faqat davlatlargina a‘zo bo’lishi mumkin. Shtab kvartirasi Vashingtonda. Bank daromadi o’rtacha va daromadi past mamlakatlarga qarz beradi va yordam ko’rsatadi. Bankning rasmiy maqsadlari: ishlab chiqarish maqsadlari uchun kapital qo’yilmalarni rag’batlantirish yo’li bilan a‘zo davlatlarning tiklanish va taraqqiyotiga ko’maklashish; ishlab chiqarish maqsadlaridagi xususiy chet el investitsiyalarini rag’batlantirish; uzoq muddatli muvozanatlangan o’sishni va bank a‘zolari bo’lgan davlatlarning ishlab chiqarish resurslarini rivojlantirish uchun xalqaro investitsiyalarni rag’batlantirish yo’li bilan to’lov balansining barqarorligini saqlashga ko’maklashish va boshqalar. XTTBning oliy organi – Boshqaruvchilar kengashi. Har bir a‘zo davlat Kengashda moliya yoki rejalashtirish vaziri darajasidagi va 5 yilga tayinlanadigan bir boshqaruvchi (va bir o’rinbosar)ga ega. Bosh ijroiya organ – ijrochi direktorlar kengashi. 24 ijrochi direktordan 5 tasi Bankning yirik aksiyadorlari bo’lgan mamlakatlar (AKTL, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya) tomonidan, qolgan 19 tasi mamlakatlar guruhlari tomonidan tayinlanadi. Bankni prezident boshqaradi. Boshqaruvchilar kengashi sessiyalari yilda bir marta o’tkaziladi. Mamlakatlar XTTB kapitalidagi o’z payi salmog’iga mutanosib ovoz huquqiga ega. Bankda rivojlanayotgan mamlakatlarga moliyaviy resurslar ajratish masalalari bo’yicha Taraqqiyot qo’mitasi – XXTB va XVF Boshqaruvchilar Kengashlarining qo’shma qo’mitasi mavjud. 1992-yil O’zbekiston XTTBga a‘zo bo’lib kirdi va 1993-yilda uning vakolatxonasi Toshkent shahrida faoliyat ko’rsata boshladi.