Xina daraxtchasi

Xina daraxtchasi (Lawsonia inermis) — Derbendoshlar oilasiga mansub issiqsevar buta. Yovvoyi holda Afrikaning sharqida, Madagaskar orolida, Osiyoning tropik orollarida o’sadi. Shimoliy Afrika, Hindiston, Eron, Ozarbayjon, Kichik Osiyo va Arabistonda manzarali va bo’yoq beruvchi bir yillik o’simlik sifatida qadimdan ekiladi. Poyasi qirrali, qattiq va sershox. Bo’yi 15 santimetrdan 2-3 metrgacha. Barglari bandsiz, cho’ziq tuxumsimon. Gullari yirik, oqimtir yoki ko’kimtir qizil, ikki jinsli, xushbo’y, shoxlarining uchida ulkan ro’vaksimon to’pgul hosil qiladi. Avgust—senabrda gullaydi. Mevasi to’rt uyali, mayda urug’li sharsimon ko’sakcha. Barglaridan jun, sochsoqol, tirnoq va boshqalarni bo’yashda ishlatiladigan bo’yoq olinadi. Xina daraxtchasi urug’idan va qalamchasidan ko’paytiriladi.