YANGI INDUSTRIAL MAMLAKATLAR

YANGI INDUSTRIAL MAMLAKATLAR — XX asrning so’nggi o’n yilliklarida iqtisodiy taraqqiyotda keskin o’zgarishlarga erishgan rivojlanayotgan mamlakatlar guruhi. Bu mamlakatlar ko’pgina ko’rsatkichlar bo’yicha jahondagi o’rta va hatto yuqori rivojlangan mamlakatlarga yaqinlashdi. Yangi industrial mamlakatlarda sanoat ishlab chiqarish hajmi va uning milliy daromaddagi hissasi o’sdi, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi ko’paydi. Yangi qatlam — tadbirkorlar sinfi mavqei mustahkamlandi. Yangi industrial mamlakatlarga Lotin Amerikasining rivojlangan mamlakatlari — Argentina, Braziliya, Meksika va Janubiy Sharqiy Osiyoda ―Osiyo yo’lbarslari nomini olgan bir qator mamlakatlar va hududlar — Singapur, Tayvan, Koreya Respublikasi, Xitoy tarkibidagi Syangan kiradi. Bulardan bir qadar keyinroq ikkinchi avlod Yangi industrial mamlakatlar deb nom olgan mamlakatlar ham paydo bo’ldi. Bu mamalakatlarda aholining katta qismi hamon qishloq xo’jaligida band bo’lishiga qaramay, sanoat ishlab chiqarish hajmi va sanoat mahsulotlari eksporti tez o’smoqda, milliy kapital vakillarining mavqei mustahkamlanmoqda. Bularga Lotin Amerikasida Venesuela, Kolumbiya, Peru, Urugvay, Chili, Janubiy Sharqiy Osiyoda Malayziya, Filippin, Tailand, Indoneziya kiradi. Iqtisodiy va sanoat rivojining hozirgi darajasiga ko’ra, Yangi industrial mamlakatlardan eng rivojlanganlari — Koreya Respublikasi, Argentina, Meksika, Singapur sanoati rivojlangan mamlakatlarga deyarli yaqinlashdi va Ispaniya, Portugaliya, Gretsiya kabi Yevropa davlatlari bilan bir darajada turadi. Meksika va Koreya Respublikasining rivojlangan mamlakatlarning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OESD) a‘zoligiga qabul qilinganligi ham buning isboti bo’la oladi.