YANGIARIQ TUMANI

YANGIARIQ TUMANI — Xorazm viloyatidagi tuman, 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Shimoldan Xonqa, sharqdan Bog’ot, g’arbdan Xiva tumanlari, Janubdan Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 0,40 ming kilometr kvadrat. Aholisi 84,5 ming kishi (2005). Tumanda 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Gullanbog’, Gulobod, Kattabog’, Ostona, Oxunboboyev, Tagan, Chig’irchi, Yangiariq, Quruqtom) bor. Markazi — Yangiariq qishlog’i. Tabiati. Tuman hududi viloyatning Janubi sharqida joylashgan. Relefi, asosan, pasttekislikdan iborat. Janubiydagi kattagina maydon qum barxanlari bilan band. Obulko’l, Mo’ltang, Sho’rko’l, Jirmizko’l va boshqalar kollektorlar bor. Tuman xo’jaliklari Ostona, Oqmachit, Quruqtom, Tagan, Kattabog’va Amudaryodan chiqqan magistral kanallaridan suv oladi. Tuman hududida ko’l ko’p. Ulug’sho’rko’l, Obulko’l, Tangali, Bayotko’l, Kichikko’l va boshqalar shular jumlasidan. Ularning aksariyati bir biri bilan tutashtirilgan. Tuman ko’llari baliqchilikda viloyatda yetakchi o’rinni egallaydi. Ko’llar negizida ixtisoslashtirilgan baliq kombinati tashkil etilgan. Iklimi keskin Kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 11,8°. Yanvar oyining o’rtacha temperaturasi — 4,5°, eng past temperatura -31°. Iyul oyining o’rtacha temperaturasi 27°, eng yuqori temperatura 45°. Vegetatsiya davri 208 kun. Yiliga 82 millimetr yog’in tushadi. Yog’inning asosiy qismi bahorda yog’adi. Tuproqlari, asosan, sho’rlashgan o’tloq va o’tloqi bo’z tuproqlardan iborat. Tuproq sho’ri kollektor yordamida yuvib turiladi. Yovvoyi o’simliklardan Changal, oqbosh, yantoq, sho’ra, pechak, ajriq, qamish, yakan va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, quyon, ondatra, kalamush va boshqalar; parrandalardan o’rdak, g’oz, qashqaldoq, chag’alay, qarg’a, chumchuq va boshqalar ko’p. Aholisi, asosan, o’zbeklar (96%), shuningdek, turkman, tatar, koreis, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 211,2 kishi. Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash, g’isht, meva konservalash zavodlari, ta’mirlash ustaxonasi, O’rta Osiyo — Markaz gaz quvurining 3-kompressor stasiyasi, Xorazm baliq kombinati, baliq dudlash tsexlari, qurilish tashkilotlari, MTP, Avtokorxona, 100 ga yaqin kichik, o’rta biznes va yirik korxonalar, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, dehqon bozori, 1100 dan ziyod mikrofirma bor. O’zbekiston — Turkiya qo’shma korxonasi (kalava ip ishlab chiqariladi) ishlab turibdi. Shisha ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan. Tuman qishloq xo’jalik, asosan, paxtachilik va g’allachilikka ixtisoslashgan, shuningdek, chorvachilik, baliqchilik, pillachilik, sabzavotchilik, bog’dorchilik ham rivojlangan. Qishloq xo’jaligida 8 shirkat xo’jaligi, 2 aktsiyadorlik jamiyati, 17 qishloq xo’jalik korxonasi, 6 xususiy ferma, 1 ijara xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Yangiariq tumanida jami ekin maydoni 13 ming gektardan ziyod, shu jumladan, 6,5 ming gektar yerga paxta, 1,7 ming gektarga yerga don, 164 gektar yerga sabzavot ekinlari ekiladi. Yangiariq tumanidagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 30 mingdan ziyod qoramol, 19,8 mingga yaqin qo’y va echki, 108 mingdan ziyod parranda boqiladi (2004). Tumanda 40 umumiy ta’lim, bolalar sport maktabi, 4 kasb-hunar kolleji bor. Tuman Markaziy kutubxonasi va uning 40 ta tarmog’i, 24 klub muassasasi, madaniyat uylari faoliyat ko’rsatadi. Stadion, 34 sport zali va boshqalar sport inshootlari ishlab turibdi. Tuman Markaziy kasalxonasi (210 o’rin) va uning bo’limlari, 2 tish davolash poliklinikasi, 14 feldsherakusherlik Punkti, 2 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 7 qishloq vrachlik punkti, dorixonalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Ushbu tibbiy muassasalarda 161 vrach, 714 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Yangiariq tumani hududida Shayx Muxtor Valiy me’moriy majmuasi (14- asr) saqlangan. 1936 yildan «Yangiariq ovozi» gazeta nashr etiladi (adadi 927; 2005 yil).