«YANGIYO’L BIOKIMYO» AKTSIYADORLIK JAMIYATI

«YANGIYO’L BIOKIMYO» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — spirt sanoati korxonasi. «O’zmevasabzavotuzumsanoat xolding» kompaniyasi tarkibida. Biokimyoviy usul bilan 3—4-nav bug’doydan rektifikasiya qilingan etil spirti, sholi chiqindilari, o’simlik xom ashyosidan texnik spirt, yemxashak achitqisi, shuningdek, karbonat angidrit, tormoz suyuqligi, quruq yemxashak qo’shimchasi ishlab chiqaradi. 1949 yilda gidroliz sanoati korxonasi sifatida ishga tushirilgan. 1995 yildan hozirgi nomda. 90-yillar boshidan g’alladan oziq-ovqat (etil spirti) ishlab chiqarish o’zlashtirildi. Yillik quvvati 821,4 ming dal. Korxona tarkibida oliy navli araq ishlab chiqaradigan «MaySano» qo’shma korxonasi, kraxmal va kraxmal qiyomi ishlab chiqaradigan «Kraxmal» ma’suliyati cheklangan jamiyat faoliyat ko’rsatadi. Mahsulotlari qo’shni mamlakatlarga eksport qilinadi.