Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon (1908-1982)

Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon (1908.10.1 — Toshkent — 1982.22.12) — muftiy, din va jamoat arbobi. Dastlab otasi Eshon Boboxon Abdumajidxon o‘g‘li qo‘lida, so‘ngra Toshkentdagi Baroqxon, Ko‘kaldosh madrasalarida tahsil ko‘rgan (1923—31). Qohiradagi al-Azhar dorilfununini tugatgan, Makka, Madina shaharlariga ilmiy safarlar qilgan (1947).

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkiliy qo‘mitasida bosh kotib (1942), boshqarma raisining o‘rinbosari (1943—57), raisi (1957—82) bo‘lgan. Toshkentda Imom Buxoriy nomidagi Islom institutini tashkil etdi (1969) va unga bevosita rahbarlik qildi. Uning sa’yi-harakati bilan Buxoroda Mir Arab madrasasi faoliyati qayta tiklandi (1945).

Sobiq Sovet Ittifoqi va bir qancha musulmon mamlakatlarida o‘tkazilgan yirik xalqaro diniy anjumanlarning tashkilotchisi yoki faol ishtirokchisi sifatida turli xalqlar va dinlar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilishiga harakat qildi. Masjidlar bo‘yicha Butunjahon oliy kengashi a’zosi etib saylandi (Makka, 1976).

Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon diniy merosni keng targ‘ib va tashviq qilishdan tashqari ilmiy, adabiy faoliyat bilan ham shug‘ullangan. Ibn Sinoning gigiyenaga oid kitobini o‘zbek va rus tillariga o‘girgan (Abu Ali ibn Sina, Traktat po gigiyene, T., 1982).

Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning «Diyorimizda islom va musulmonlar» asari (1979, rus tilida)da islom dinining mohiyati ochib berilgan, islom barcha zamon va xalqlar uchun salohiyatli din ekanligi, uning tamoyillari hamma yaxshi niyatli kishilarning orzu-umidlari bilan hamohang ekanligi ko‘rsatilgan.

Futuhiy taxallusi bilan she’rlar ham bitgan. Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon xalqlar o‘rtasida tinchlikni saqlash, yer yuzida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash ishiga katta hissa qo‘shganligi uchun Iordaniya, Suriya, Marokash va MAP ning oliy ordenlari bilan takdirlangan. 1998 yili tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab Toshkentda xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya o‘tkazildi. Toshkentdagi Qaffol ash-Shoshiy qabrlar majmuasida otalari Eshon Boboxon yoniga dafn etilgan (rahmatullohi alayh).