ZUFAROV USMON

ZUFAROV USMON, usta Usmon (1892 — Toshkent — 1981.7.8) — Sharq musiqa asboblari ustasi, o’ymakor naqqosh. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1942). 1906-12 yillarda usta Toshdan hunar o’rgangan. 1912 yildan mustaqil usta. 1927 yildan O’zbekiston radio qo’mitasida, 1929 yildan Toshkent hunarmandlik uyushmasi qoshidagi artelda, San’atshunoslik instutiti milliy musiqa asboblarini mukammallashtirish tajriba laboratoriyada (1934— 36 va 1943-46), O’zbek davlat filarmoniyasida (1936— 43) ishlagan. Zufarov o’zbek cholg’u asboblarini yasash, takomillashtirish va bezashda o’ziga xos uslub yaratgan. U yasagan va bezagan milliy cholg’u asboblari (tanbur, dutor, Sato va boshqalar) maxsus ko’rgazmalarda namoyish etilgan (1937, 1959). 60-yillardan 3 bo’lakli (yig’ma) tanbur, dutor va satolari keng tarqalgan, shuningdek, ud, skripka, qozoq va qirg’iz qo’bizi (qil qo’biz), qozoq do’mbirasi, afg’on rubobi, ispan banjosi va boshqalarni xam yasagan hamda qadama naqshlar bilan bezagan. Ijodidan namunalar respublika muzeylarida saqlanadi. Ko’plab shogirdlar tayyorlagan. Zufarov ijodi haqida «Kuylovchi yog’och» telefilmi yaratilgan (1978). Toshkentdagi Zufarov yashagan ko’chaga uning nomi berilgan.