ZYUSS (SUESS) EDUARD

ZYUSS (SUESS) EDUARD (1831.20.8, London — 1914.24.4, Vena) — avstriyalik geolog. Vena universitetida geologiya professor (1857-1901). Vena Fanlar Akademiyasi prezidenti (1898-1911). Reyxstrat a’zosi (1873 yildan). Alp tog’lari, Lombardiya botiqligi, Apennin tog’larining geologik tuzilishi va tektonikasini o’rgangan. «Alp tog’larining hosil bo’lishi» (1875) ilmiy asarida tog’liklarning hosil bo’lishi to’g’risidagi fikrlarni kontraktsiya nazariyasi asosida rivojlantirdi. 3 jildli «Lik zemli» («Yerning ko’rinishi»; 1883-1909) asarida 20-asr boshlarigacha turli mamlakatlarda olib borilgan barcha regional tadqiqotlarni to’plagan va yer po’stiqli materik qismlaridagi tuzilishi va rivojlanishi to’g’risidagi fikrlarni umumlashtirgan. Zyussning bu asari geologiyaning turli sohalarini rivojlanishida muhim rol o’ynagan. Zyussning nazariy fikrlari hozirgacha geologiyada saqlanib qolgan.