ZO’RKO’L

ZO’RKO’L — Tojikiston Respublikasining tog’li Badaxshon Muxtor viloyatidagi ko’l. Pomirning Janubiy Alichur va Vahon tizmalari oralig’ida, dengiz sathidan 4126 metr balandlikda. Zo’rko’l tog’ qulab tushib, Panj daryosining o’ng irmog’i — Pomir daryosi o’zanida to’g’on hosil bo’lishi natijasida vujudga kelgan. Uzunligi 20 kilometr, eni 3,5 kilometr, chuqurligi 5 metrgacha, maydoni 38,9 kilometr kvadrat. Suvi iyul—avgustda ko’payadi. Noyabrdan maygacha muzlab yotadi. Zo’rko’ldan Pomirdaryo oqib chiqadi. Ko’l suvi chuchuk va tiniq.