Qo’nonboyev Abay
Qo’nonboyev Abay (Ibrohim), Abay [1845.10.8, Yettisuv viloyati Chingiztog’ (hozirgi Abay) tumani — 1904.6.7] — qozoq yozma adabiyotining asoschisi, ma’rifatparvar shoir. Yettisuvdagi Ahmad Rizo madrasasida tahsil olgan. Sharq mumtoz adabiyotining Firdavsiy, Sa’diy, Navoiy, Fuzuliy singari namoyandalari asarlarini o’rgangan. Bu shoirlarning asarlaridagi dunyoviy g’oyalar ta’sirida xalqni ma’rifatga undovchi she’rlar yoza boshlagan. Qo’nonboyev dunyoqarahining shakllanishida Sharq mumtoz shoirlari bilan birga Yettisuvga surgun qilingan rus demokratlari va ular orqali Krilov, Pushkin, Lermontov, Tolstoy asarlari bilan tani-shish muhim omil bo’lgan. Uning fikricha, ko’chmanchilik sharoitida yashab kelayotgan va shu tufayli urug’-urug’larga bo’linib ketgan qozoq xalqi mentalitetidagi ayrim qusurlarni bartaraf etmay turib, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotga erishish mumkin emas. Shu maqsadda ma’rifat va madaniyatni targ’ib etuvchi, yaxshi insoniy fazilatlarni tarbiyalovchi didaktik yo’nalishdagi asarlar yozishga katta e’tibor bergan. U qozoq xalqini ma’rifatga, madaniyatga, insoniylikka undovchi 44 ta katta-kichik lavhalardan iborat «naqliya so’zlar» falsafiy hikoyasini yozgan. Qo’nonboyev Chernishevskiy va Dobrolyubov singari rus demokratlarining g’oyalari, Arastu, Suqrot, Aflotun, hatto Gegelning falsafiy-didaktik qarashlari bilan ham tanishgan. Uning 200 dan ziyod she’r va 4 dostondan iborat adabiy merosida bu siymolar ta’si-rida yozilgan asarlar oz emas Qo’nonboyev «Iskandar» dostonida makedoniyalik Aleksandr obraziga murojaat etib, «Ajralganni bo’ri yer» degan hikmatni tarqoq holda yashab kelayotgan vatandoshlari shuuriga quymoqchi bo’lgan. Qo’nonboyevning adabiy merosida «Mas’ud», «Azim rivoyati», «Vadim» singari dostonlar ham alohida o’rin egallaydi. Qo’nonboyev shaxsan o’zi she’riy ijod bilan shug’ullanibgina qolmay, farzandlarini ham adabiyot olamiga olib kirdi. Ulardan biri — Mag’aviyaga «Meng’at Qosim», Oqilboyga esa «Qissai Yusuf» Doston- larining syujetini «sovg’a qilib», shu asarlarning yozilishiga sababchi bo’lgan. Qo’nonboyev ayni vaqtda do’mbira chertib, o’z she’rlariga kuylar ham bastalagan. M.Avezov o’z ijodiy umrining kattagina qismini Qo’nonboyevning hayoti va ijodiy faoliyatini o’rganishga sarflab, u haqda ko’p jildli «Abay yo’li» epopeyasini yaratgan. Qo’nonboyevning aksar asarlari o’zbek tiliga Mirtemir va boshqa shoir, yozuvchilar tomonidan o’girilgan. As: tanlangan asarlar, T, 1961; tan- langan asarlar, T, 1995. Ad: Auezov M.O., Abay Kunanbaev. Stati i issledovaniya, Alma-ata, 1967.