Qibla

Qibla (Arabcha — Qarshi tomonda turgan narsa) — musulmonlar namoz o’qiyotgan paytda yuzini qaratib turadigan tomon. Dastlab Muhammad(sav) va uning tarafdorlari Quddus (Ierusalim) tomonga qarab namoz o’qishgan. Hijriy 2-yili (624) Makkadagi Ka’ba (Baytulloh) barcha musulmonlar uchun Qibla qilib belgilangan. Har bir Musulmon qaerda bo’lmasin, albatta Qibla tomonga qarab namoz o’qiydi. Masjidlarda mehrob Qibla tomonga o’rnatiladi, shu tomonga qarab azon aytiladi. Islomdagi ko’p marosimlar ham, odatda, Qiblaga qarab bajariladi. Marhum ko’milganda ham yuzi Qiblaga qaratib qo’yiladi. Islom shariati Qibla tomonni ulug’laydi, Qibla tomonga oyoqlarni uzatib o’tirish va yotish odobsizlik hisoblanadi. O’zbekistonga nisbatan Qibla janubi-g’arb tomonda bo’lib, kompas mili G’arb nuqtasidan chap tomonga 14 gradus qaytishi kerak.