AVLONIY
AVLONIY, Abdulla Avloniy (1878.12.7 – Toshkent – 1934.24.8) -ma’rifatparvar, jurnalist, davlat va jamoat arbobi. To’quvchi oilasida tug’ilgan. Maktabxona va madrasada o’qigan (1885— 95). 1906 yildan she’rlari bilan matbuotda qatnasha boshlagan. Arab, fors, rus tillarini o’rganib, bu tillarda ijod qilgan mutafakkirlarning asarlarini o’qigan, ba’zilari (masalan, L. Tolstoy, K. D. Ushinskiy asarlari) ni o’zbek tiliga tarjima qilgan. 1906 yil «Taraqqiy», 1907 yil o’z uyida (Toshkentda) «Shuhrat» gazetalarini chiqargan. Bu gazetalar yopib qo’yilgach, 1908 yil yashirin ravishda «Osiyo» gazetasini nashr etdi. 6-sonidan so’ng hukumat bu gazetani ham taqiqlab qo’ygan. Shundan so’ng Avloniy ilg’or g’oyalarni maktab orqali xalqqa tarqatishga harakat qildi: Toshkent shahrining Mirobod mahallasida mahalliy aholi bolalari uchun yangi usul maktabi ochib (1908), o’zi ona tili va adabiyotdan dars berdi. 1909 yil «Jamiyati xayriya» tuzib, yetim bolalarni o’qitgan. Shundan keyin Avloniy Toshkentning Degrez mahallasida ikki sinfli maktab ochgan (1912). Bu maktabda dunyoviy fanlar o’qitilishi bilan maktabxonalardan farq qilgan. Avloniy yangi maktablar uchun qo’llanma va o’qish kitoblar yozib, nashr qildirgan [masalan, «birinchi muallim», 1911; «Ikkinchi muallim», 1912; «Turkiy Guliston yoxud axloq», 1913; 4 juzd (qism) li «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» to’plami, 1909-15; «Maktab gulistoni», 1915; «Mardikorlar ashuvlasi», 1917 va boshqalar]. Munavvarqori, Muhammadjon Podshoxo’jaev, Tavallo, Rustambek Yusufbekov, Nizomiddin Xo’jaev, Shokirjon Rahimiy kabi taraqqiychilar bilan birgalikda «Nashriyot» (1914), «Maktab» (1916) shirkatlarini tashkil etgan. Avloniy xalq ongini oshirish uchun teatr san’atidan ham foydalangan. U 1913 yilda «Turkiston» nomli teatr truppasini tashkil etishda va uning ishida faol qatnashgan. 1910-16 yillarda bir qancha sahna asarlarini tarjima qildi va o’zi sahnalashtirdi. Avloniyning sahna asarlari Toshkent, Farg’ona, Andijon, Qo’qon, Xo’jand kabi shaharlarda ko’yilgan. Bu asarlarda 20-asr boshlaridagi Turkiston hayotining keng manzaralari o’z ifodasini topgan. Avloniy truppasida Mannon Uyg’ur tarbiya topgan; truppa bilan Hamza, Ozarbayjon dramaturglari Uzayr Hojibekov, S. Ruhullo hamkorlikda bo’lgan. Oktyabr to’ntarishidan keyin xalqqa va’da qilingan erkinlikning berilmaganligi shoir ijodida tushkunlikning paydo bo’lishiga olib keldi («Xafalik soatda» she’ri, 1919). A. 1917 yilda «Turon» gazetasini nashr qildi. Gazetada siyosiy va ijtimoiy voqealar yoritilgan. 1918 yil Avloniy «Ishtirokiyun» gazetasini tashkil etishda qatnashdi va uning muharriri bo’ldi. 1919-20 yillarda Sho’ro hukumatining Afg’onistondagi siyosiy vakili va konsuli. «Kasabachilik harakati» jurnali Bosh muharriri (1921).1921 yildan Avloniy maktablar ochish, xalqni savodxon qilish, o’zbek xotin-qizlarini o’qitish, o’qituvchilar va ziyoli kadrlar tayyorlash ishlari bilan shug’ullandi. U eski shahardagi xotin-qizlar va erlar maorif bilim yurtlari (inproslar) da mudir (1923-24), Toshkent harbiy maktabida o’qituvchi (1924— 29). 1930-34 yillarda O’rta Osiyo universiteti til va adabiyot kafedrasi mudiri, professor. Shu davrda u o’zbek maktablarining 7-sinfi uchun «Adabiyot xrestomatiyasi» tuzib, nashr ettirdi (1933). A. Hijron, Nabil, Indamas, Shuhrat, Tangriquli, Surayyo, Shapaloq, Chol, AB, Chig’aboy, Abdulhaq taxalluslari bilan tanqidiy va ilmiy maqola, 4000 misradan ortiq she’r ijod qilgan. As: Toshkent tonggi, T., 1978; Turkiy Guliston yoxud axloq, T., 1992; O’son millat, T., 1993. Ad.: Qosimov B., Abdulla Avloniy, T., 1979; Qosimov B., Izlay-izlay topganim, T., 1983; Qosimov B., Dolimov U., Ma’rifat darg’alari, T., 1990. Begali Qosimov.