ALKIMYO

ALKIMYO — 1) kimyo fanining Arabcha nomi; 2) hozirgi kimyoning ibtidosi. Alkimyoning rivojlanishida uch davr farq qilinadi: 1-davr — 2-6-asrlar, ikkinchi davr— 12— 14-asrlar va uchinchi davr— 15— 17-asrlar. Bu davrlarda Misr, Xitoy, As-Suriya, Movarounnahr va Hindistonda hamda Yevropada Alkimyoning asosiy masalasi «past va noraso» metallarni oltin va kumushga aylantirishdan iborat bo’lgan. Olimlar metallarni bir-biriga qorishtirib oltin va kumush qotishmalarini tayyorlashgan. 8-asr oxiri va 9-asr boshlariga kelib qishloq xo’jaligi, konchilik va hunarmandchilik ishlari bir muncha rivoj topdi. Bu esa o’z navbatida tabiiy fanlarning rivojlanishiga imkon berdi. Konchilik, kunchilik, shisha va qog’oz tayyorlash ishlari kimyo ilmining rivojiga ta’sir ko’rsatdi. Sohaning yetuk olimlari yetishib chiqdi. Shulardan biri o’rta asr kimyogarlarining ustozi Jobir ibn Xayyom (721-813) metallarning vujudga kelishi nazariyasini ishlab chiqdi. Olimning fikricha, yer ostida ikki xil bug’lanish amalga oshib, birinchisi nam, ikkinchisi yer moddasidan ko’tariladigan quruq bug’ bo’lib, tutundan iborat. Nam bug’dan simob, quruq tutundan oltingugurt hosil bo’ladi. O’sha paytda ma’lum bo’lgan mis, qo’rg’oshin, qalay va rux «noraso» metallar qatoriga kiritilgan. Oltin bilan kumush tarkibi toza bo’lib, qolganlari aralashmalardan tashkil topgan degan fikrlar bildirilgan. «Noraso» metallarni «takomillashtirish» va «tuzatish» orqali oltin va kumushga aylantirish mumkin degan g’oya ilgari surilgan. Bu murakkab vazifani amalga oshirish uchun ana shu metallarga iksirdan ozgina qo’shish kifoya qiladi deb o’ylaganlar. Jobir ibn Xayyom har qanday taxmin aniq ma’lumotlar bilan tasdiqlangandagina qabul qilinishi mumkin deb yozgan. Kimyoda faqat tajribalarga suyanib ish ko’rish kerakligini ham ta’kidlaganligi ma’lum. O’rta asrlarda Sharqning ikkinchi bir kimyogari Ar-Roziy Aristotel fikrlariga to’zatish kiritdi. Uning fikricha, metallar murakkab moddalar bo’lib, o’ziga xos xossa va xususiyatlarga ega. U ko’plab tajribalar utkazdi. Ar-Roziy o’zining 200 dan ortiq ilmiy ishlarida, shu jumladan kimyoga oid mashhur «Sirlar kitobi» asarida o’sha davr kimyosida qo’llanilgan barcha moddalar, asbob-anjomlar va tadbirlarni mufassal bayon etdi. Roziy ham, Jobir singari, iksir yordamida bir metallni ikkinchi metallga aylantirish mumkin deb o’ylardi; bundan tashqari, metallarni turli nisbatda bir-biriga qo’shish orqali ham oltinga o’xshash metall hosil qilish ustida ko’p tajribalar o’tkazdi. Biroq Roziy shu usulda tayyorlangan metallar ko’rinish jihatidan oltinga o’xshasada, hali ular yuqori sifatli oltin emas deb ta’kidladi. Buning isboti uchun u o’sha qotishmalarni o’z tarkibiy qismlariga ajratdi. Xorazmlik ikki olim — Abu Abdullo Muhammad ibn Yusuf Kotibiy Xorazmiy va Abdulhakim ibn Abdulmalik al-Kosiy ham kimyo tarixiga katta hissa qo’shdilar. O’rta Osiyoda, umuman, Sharqda kimyo fanining taraqqiyotida buyuk tabib va faylasuf Abu Ali ibn Sinoning roli ham nihoyatda katta. Ibn Sino kimyogarlarning oddiy metallarni oltinga aylantirish to’g’risidagi fikrlariga keskin qarshi chiqdi. Metallarning paydo bo’lishi masalasida u ham Jobir nazariyasiga o’xshash nazariyani ilgari surdi; ammo Ibn Sinoning fikricha, o’sha davrda ma’lum bo’lgan har qaysi metall o’zicha alohida bir moddadir (biror yagona metallning turi emas). Bir metallni ikkinchisiga aylantirish uchun uning tarkibiy qismlari (oltingugurt, simob va boshqa aralashmalar) orasidagi nisbatni o’zgartirish kerak. Vaholanki biz bu nisbatning qanday ekanligini bilmaymiz, demak, uni o’zgartirishga qodir emasmiz, deydi Ibn Sino. Ibn Sinoning metallar murakkab tarkibli moddalar ekanligi haqidagi fikri fandan uzoq bo’lsa ham, uning oddiy metallarni iksir yordamida oltinga aylantirish mumkin degan nazariyaga qarshi chiqib yozgan mulohazalari o’rta asr Alkimyosining ilmiy kimyoga o’sib o’tishida katta rol o’ynadi. O’rta asr kimyogarlari oddiy metallarni oltinga aylantirish haqidagi o’z nazariyalarini amalga oshirish yo’lida ko’p kuch va vaqt sarfladilar. Natijada ular turli moddalar va asboblarni kashf etdilarki, bularning ko’p qismi hozirgi kimyo ilmida keng qo’llaniladi. Alkimyo sohasida o’tkazilgan tadqiqotlar tufayli metallurgiyani rivojlantirishga, keramika, shisha, millionlab tonna nitrat kislota ishlab chiqarishga, gazmollarni bo’yash ishlarini maromiga yetkazishga, novshadil, kinovardan simobni ajratib olish va boshqa ishlarni amalga oshirishga muvaffaq bo’lindi. Amalgama (oltin suvini yuritish) kabi muhim ishlar ham alkimyogarlar xizmatining samarasidir. Ad.: Karimov U. I., Neizvestnoe sochinenie Abu Bakra ar-Razi «Kniga tayni tayn», T., 1957; Kazakov B., Prevrahenie elementov, M., 1977; Rabinovich V. L., Alximiya kak fenomen srednevekovoy kulturi, M., 1979. Qudrat Axmerov.