ABDUG’AFUROV

ABDUG’AFUROV Abdurayim (1867 — Toshkent — 1950) — xalq ustasi, Toshkent badiiy chitgarlik maktabining namoyandasi. Birinchi bo’lib mato (bo’z)ga gul bosishda ro’yan o’rniga alizarin ishlatdi. Buxoro va Qo’qon ustalaridan yangi rasmlarning qoliplarini, yangi bezak va mujassamotlarni keltirib, mahalliy chitgarlikka ijodiy singdirdi. Abdug’afurov o’z asarlari bilan O’zbekistonda o’tkazilgan bir necha ko’rgazmalarda qatnashdi. 1935 yildan Toshkent badiiy o’quv ishlab chiqarish kombinatida daryo bergan. 1937 yilda Parijda o’tkazilgan xalqaro ko’rgazmada Abdug’afurovning asarlari yuqori baholandi. 30 – yillar oxiri — 40 – yillar boshlarida Moskva, Ivanovo, Serpuxov to’qimachilik korxonalari uchun chit, satinga bosiladigan gulqolip namunalarini tayyorlab bergan. 1940 yilda Abg’afurov rassom V. Kriniskiy bilan hamkorlikda qoliplar uchun 11 ta «Paxta nusxa» eskizlar yaratdi. Bu nusxalarda g’o’za bargidan tortib ochilgan chanoqqacha bo’lgan jarayonlar o’simliksimon milliy naqshlar negizida o’z ifodasini topgan. Abdug’afurov bezagan dasturxon, kir-pech, choyshab va boshqa buyumlar (respublika muzeylarida saqlanmoqda) gullarining yorqinligi, ranglarining uyg’unligi, mujassamoti bilan diqqatni tortadi.

ABDUG’AFUROV Abdurashid Xo’jayevich — (1931.1.15, Toshkent) — adabiyotshunos, matnshunos. O’zbekiston Respublikasi fan arbobi (1999), Filol. Fanlari Doktori (1970), professor. (1979). O’rta Osiyo davlat universitetining Filologiya fakultetini tamomlagan (1951). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim, bosh ilmiy xodim (1958-76; 1981-92), bo’lim mudiri (1992 yildan). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumi qoshidagi chet tillar kafedrasi mudiri (1977-81). Abdug’afurovning o’zbek mumtoz adabiyotining muhim ilmiy-amaliy masalalariga bag’ishlangan «O’zbek demokratik adabiyotida satira» (1961), «Navoiy satirasi» (1-jild, 1966), «Navoiy ijodida satira» (2-jild, 1972), «Zokirjon Furqat» (1977) kabi yirik monografiyalari bor. Muqimiy, Zavqiy, Kamiy, Bobur, Mashrab kabi qator ijodkorlar asarlarini nashrga tayyorlagan. Beruniy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1992). As: Qalb qa’ridagi qadriyatlar, T., 1999; Muhammad Rizo Ogahiy, T., 1999.