ADASHGAN NERV
ADASHGAN NERV, sayyor nerv (nervus vagus) — odam va umurtqali hayvonlar bosh miyasi nervlarining o’ninchi jufti; eng uzun nerv. Adashgan nerv organizmda keng yoyilganligi uchun «adashgan» (sayyor) deyiladi. U miyaning to’rtinchi qorinchasi tubidan boshlanadi: miyadan chiqqach, kallaning bo’yinturuq teshigidan o’tadi. Bosh, bo’yin, ko’krak va qorin bo’shlig’i a’zolarini Markaziy nerv sistemasi bilan bog’laydi (innervatsiya). Harakatlantiruvchi, sezuvchi va sekretor tolalari bor. Nafas a’zolariga, hazm a’zolarining ko’pchiligiga, yurakka tarmoqlar berib, keng chig’allar hosil qiladi, bu chig’allardan esa bir talay tarmoqlar boshlanadi. Reflektor harakatlarni (masalan, yutinish), qon bosimini boshqarishda ishtirok etadi.