ALUMINIY
1855-yilda Parijda bo’lib o’tgan jahon ko’rgazmasida kumushsimon 12 bo’lak oq metall hammaning diqqat-e’tiborini o’ziga tortdi. U boshqa metallarga nisbatan yumshoq, oson eriydigan, kumushga o’xshagan, lekin undan ancha yengil edi. Eng ajablanarlisi shunda ediki, ma’lum bo’lishicha, bu metall hatto azaldan g’isht quyib kelingan oddiy loy tarkibida ham bor edi. O’sha vaqtlarda loy kumushi deb atalgan bu metall tez-tez uchrab turadigan tog’ jinslaridan granit va bazalt tarkibida ham bo’lgan. U tabiatda tarqalishi bo’yicha kislorod va kremniydan keyin uchinchi o’rinda turgan. Bu hozirgi paytda hammaga ma’lum aluminiy edi. Aluminiyning narxi dastlab kashf etilganda juda qimmat (oltindan arzonroq) bo’lib, faqat zargarlik zeb-ziynatlari uchun ishlatilgan. Uni boksit rudasidan ajratib olish juda qiyin bo’lgan, chunki buning uchun juda ko’p elektr energiyasi kerak bo’lardi. U davrda hali elektr stansiyalari bo’lmagan. Aluminiy 20-asr metali deb bejiz aytilmaydi. Usiz hozirgi zamon texnikasidagi eng ajoyib yutuqlarga erishib bo’lmas edi. Aluminiy va uning qotishmalari aviasozlikda, suv osti qanotli kemalarini, Yerning sun’iy yo’ldoshlarini qurishda ishlatiladi. Har qanday radiopriyomnik yoki televizorning ichida albatta alum iniydan yasalgan detallar bo’ladi. Aluminiydan elektr simi, idish-tovoqlar, konfetlar o’raladigan “zar qog’ozlar” va boshqa ko’pgina narsalar ishlanadi.