AMERIKA

Amerika G’arbiy уarim sharda, Atlantika okeani bilan Tinch okean oralig’ida joylashgan qit’a. Qit’aning umumiy maydoni 42,5 million kvadrat kilometr. Aholisi 750 million kishiga yaqin. Amerika Yer yuzida joylashgan oltita qit’adan biri. U ikki materikka bo’lingan: Shimoliy va Janubiy Amerika. Ular o’rtasidagi chegarani, odatda, Daryen bo’yni, ba’zan esa Panama bo’yni orqali o’tkazadilar. Shimoliy Amerikada ko’pincha Markaziy Amerika va Vest-lndiya orollarini alohida ajratadilar. Amerika tarkibiga Grenlandiya oroli va bir qancha yondosh orollar ham kiradi. Ikkala materikning tub aholisi asosan indeyetslar bo’lib, ko’pchiligi metislashgan, ularning soni 40 millionga yaqinroq. Yevropaliklarning qit’ani mustamlakaga aylantirish jarayonida ko’pgina qabilalar butunlay yoki qisman qirib tashlangan. AQSh va Kanadada indeyeslar maxsus ajratilgan joy – rezervatsiyalarda yashaydilar. Hozirgi amerikaliklar qit’a kashf qilingandan keyin asosan Yevropadan ko’chib borgan istilochilarning avlodlari hamda keyinroq boshqa qit’alardan borgan kishilardan iborat. Ular asosan ingliz, fransuz, ispan va portugal tillarida so’zlashadilar. Shimoliy Amerikaning tabiati go’zal va rang-barangdir. Uning qiyofasidagi talaygina manzaralar bizga tanish: Yevrosiyo materigi qanday tabiat zonalarida bo’lsa, u materik ham shunday zonalarda joylashgan. Chekka Shimolda, Shimoliy Muz okeani qirg’oqlari yonida tundra zonasi bor, u yerda qutb yog’dusi lovullab ko’rinadi. Janubroqda qalin o’rmonlar boshlanadi. Ayniqsa, Kanadaning butun dunyoga mashhur zarang daraxtlari ajoyibdir. U yerning tekisliklari bizning dashtlarga o’xshash, faqat ular preriya deb ataladi. Tekisliklardan sersuv daryolar oqib o’tadi. Shimoliy Amerika butun qit’a maydonining yarmidan ko’prog’i (20,36 million kvadrat kilometr, orollari bilan esa 24,25 million kvadrat kilometrni) tashkil etadi. Aholisi ham qit’a aholisining yarmidan ko’proq (442 million kishi). Bizga g’aroyib bo’lib ko’rinadigan boshqa narsalar ham bor. Meksikada o’sadigan kaktuslar har bir sayyohni maftun etadi. Ayniqsa, bahaybat va juda qadimiy sekvoyya daraxtlari alohida taassurot qoldiradi. Nodir daraxtlar o’sadigan o’rmonlar qo’riqxonalarga aylantirilgan. Faqat ularni u yerda milliy park deb ataydilar. AQShning g’arbida, Kolorado daryosi oqadigan joyda yeri toshloqdan iborat milliy park bor. Katta Kanon deb ataladigan haybatli daraning chuqurligi 1600 metrga yetadi, uzunligi 446 kilometr, yonlari zinapoyaga o’xshab pasaygan. Kengligi yer yuzasida 25 kilometrgacha, o’zanida 1 kilometrdan kam (hatto ayrim joylarida 120 metrgacha). Uni ko’p asrlar davomida daryo suvi va boshqa tabiat hodisalari hosil qilgan. Ular tog’ jinslarini yemirib va yuvib, qoyalarda va botiqlarda g’aroyib shakllar yaratgan. U joylarga turistlar juda ko’p boradi. Quyosh chiqishi yoki botishi paytida ulkan qoyalar goh ko’hna saroylarga, goh fantastik maxluqlarga o’xshab ketadi. Katta Kanon Qoyali tog’larni qirqib o’tadi. Qoyali tog’lar materikning shimolidan eng janubiy rayonlarigacha cho’zilgan buyuk Kordilyera tog’larining bir qismidir. Tog’larda o tilib turadigan va so’ngan vulkanlar bor. Baland tog’larda, xususan, shimol tomonda, mangu qorlar va muzliklar mavjud. Alyaska tizmasidagi Mak-Kinli cho’qqisi (6193 metr) Shimoliy Amerikaning eng baland joyi hisoblanadi. Shimoliy Amerikaning foydali qazilmalaridan gaz, neft, ko’mir, shuningdek, temir, mis, nikel, kobalt, uran, oltin, kumush jahon ahamiyatiga ega. Shimoliy Amerika tabiatining diqqatga sazovor joylaridan yana biri Buyuk ko’llar zanjiridir. Beshta bahaybat suv havzasi bir-biri bilan tutashib, yaxlit bir chuchuk suvli dengiz hosil qilgan. Ular kanal va San-Lavrentiy daryosi orqali okeanga ulangan. Shularning ichidagi Yuqori ko’l Yerdagi eng katta ko’ldir (agar sho’r suvli Kaspiy hisobga olinmasa). Ikki ko’l orasidagi Niagara daryosida mashhur Niagara sharsharasi joylashgan. Boshqa bir daryo – Missisipi irmog’i Missuri bilan birga dunyodagi eng uzun daryolardan biridir. Janubiy Amerikaning maydoni Shimoliy Amerikaga nisbatan bir oz kichik (orollari bilan 18,28 million kvadrat kilometr). Janubiy Amerikaning tabiati qiziqarli va rang-barangdir. Ulkan Amazonka daryosi materikning g’arbidan sharqigacha cho’zilgan. Unga 500 tadan ko’proq irmoq quyiladi. Uni selva deb ataladigan tropik o’rmonlar qurshab olgan. Bu o’rmonlarda noyob o’simliklar va faqat shu yerdagina yashaydigan hayvonlar mavjud. Masalan, bahaybat anakonda bo’g’ma iloni bor. Amazonka suvlarida mayda, lekin o’ta yirtqich piranya baliqlari o’lja mo’ljallab suzib yuradi. Piranya galalari odam yoki katta hayvonni bir necha daqiqada yeb bitira oladi. Janubiy Amerikada o’rganilmagan rayonlar ko’p, chunki selvaning zich changalzorlari odamlarning yurishiga to’sqinlik qiladi. Amazonka va Orinoko, Parana, Paragvay kabi daryolar ba’zan o’sha yerlarda birdan-bir transport “yo‘li”dir. Materikning g’arbiy chekkasida shimolidan janubiga qadar And tog’lari quloch yozgan. Akonkagua cho’qqisi (balandligi 6960 metr) butun Amerika qit’asining eng baland joyidir. Qadimiy mahalliy qabila – inklarning tilida “anta” so‘zi “mis konli tog’lar” ma’nosini anglatadi. And tog’larining ko’pgina cho’qqilari, masalan, San-Pedro, Kotopaxi vulkanlardir. Vulkan otilishi va zilzilalar odamlarga ko’plab ofat keltiradi. Tog’larda qalay va mis, temir va marganes, oltin va kumush, olmos, qo’rg’oshin va neft qazib chiqariladi. Janubiy Amerikaning ko’p mamlakatlaridan tog’ tizmalari o’tgan. Shuning uchun ayrim shaharlar, jumladan, ba’zan poytaxt shaharlar ham dengiz sathidan bir necha ming metr balandlikda joylashgan. Masalan, Boliviya davlatining poytaxti La Pas shahri 4500 metr balandlikda joylashgan. Bu dunyodagi eng “yuqori» poytaxtdir.