ANHOR

Biz bolalar Anhor deb ataluvchi daryo va soylarda cho’milishni yaxshi ko’ramiz. Uning ko’priklari ustidan goh yayov, goh ot-ulovda o’tganmiz, anhor yoqalari bo’ylab ketgan “suv yo’llari” (obroha)da yurganmiz. Anhor termini geografiyaga oid o’zbekcha darslik va kartalarda hozir ko’p uchramasa ham, qadimda va o’rta asrlarda Turkiston hamda unga yondosh o’lkalarda ancha keng tarqalgan edi. Asli bu termin arabcha nahr so’zining ko’pligidir. Arablar katta ariq, kanal, daryo kabilarni nahr deganlar. Nahr istilohi Turkistonda dastlab 8- asr boshidan, arablar bosib kelgan vaqtdan urf bo’lgan. Arablar Amudaryodan shimoldagi yerlarni Movarounnahr, ya’ni “Daryo ortidagi yerlar” deb ataganlar. Asrlar o’tishi bilan Amudaryo bilan Sirdaryo oralig’idagi yerlar Movarounnahr deyiladigan bo’lgan. Anhor so’zi ko’pincha so’z birikmasi tarzida joy nomlarida uchraydi. O’rta asrlarda Samarqand shahri yonida Anhor tumani bo’lganligi ma’lum. Anhorlar Samarqand atrofidagi Amir Temur barpo ettirgan bog‘-saroylar ichidan ham o’tkazilgan. Asr boshlarida birgina Balx shahri va uning yonida o‘n beshga yaqin ariq va kanallar nomi nahr so’zi bilan boshlangan. Qadimda Iroqdagi katta Dajla daryosi ham Nahri Salom deyilgan. Nahr so’zi shahar va qishloqlar nomiga aylanib qolgan holatlar ham oz emas. Masalan, Eronda Miyonnahr, Nahrisiob, Nahrobod degan joylar bor. O’zbekistonda Eski Anhor, Narpay (Nahripay), Ulug’nor (Ulug’nahr) kabi kanallar mavjud. Sirdaryo ilgari Nahri Shosh (Toshkent daryosi) deb atalgan. Xorazmda nahr so’zi uchramaydi, ular kanal va shohariqlarni arna yoki yop deyishadi. Anhor terminining o’zgarmasdan va qo’shimchasiz nom sifatida saqlanib kelayotgani bu Toshkent shahrining deyarli o’rtasidan o’tgan uzunligi 10 kilometrga yaqin Anhordir. Toshkent Anhorining yoshi bir yarim ming yildan kam emas, deb hisoblanadi. U — Bo’zsuvning bir qismidir. O’rta asrlarda Toshkent Anhori shaharni sharq tomondan himoya qilib turuvchi to’siq vazifasini ham o’tagan. Keyinroq, ya’ni 1810-yildan keyin Anhorning chap sohiliga, hozirgi “Turkiston” saroyi o’rnida, Toshkent Yangi O’rdasi quriladi. Toshkent sharq tomonga kengayadi. Toshkent shahrini 1865 yili ruslar bosib olgach, Anhorning chap sohilida o’zlari uchun jadal Yangi shahar qura boshladilar. Xon o’rdasi va Anhorga parallel O’rda devorini esa buzib tashlaydilar. Vaqt o’tishi bilan Anhor shahar o’rtasida qoldi. Dastlab Anhorga yog’och ko’prik qurilgan. 20-asr boshida u g’ishtdan qayta qurilib ko’prikdan konka (ot bilan tortiladigan tramvay vagoni) yura boshlagan. 1960-yildan keyin Anhorga yana bir necha mustahkam ko’prik qurilib, suv bo’ylari obodonlashtirildi. Hozir Anhor bo’yida “Anhor” qahvaxonachoyxona, Mustaqillik maydoni, Istirohat bog’i, “Paxtakor” markaziy stadioni bor. Anhorda qayiqda suzish mashqlari o’tkazib turiladi. Anhor bo’yi toshkentliklarning dam olish maskani.