ARNASOY KO’LLARI

ARNASOY KO’LLARI – Mirzacho’l bilan Sharqiy Qizilqum tutashgan joydagi ko’llar. Shimoli-sharqdan Janubiy-g’arbga cho’zilgan tektonik botiqda. Ko’llar tubining mutlaq balandligi 250 metr chamasida. Ko’llar vujudga kelgunga qadar uning o’rni geomorfologik jihatdan Qizilqum kabi eol qum relefidan iborat bo’lgan. Pastqamliklarni esa sho’rxok va mayda ko’llar egallagan. 1969 yilda Chordara suv omboridan katta hajmda ortiqcha suvning chiqarib tashlanishi natijasida pastqamliklar suv bilan to’lib bir necha ko’l vujudga keldi. Ko’llar o’zaro tor o’zanlar orqali tutashgan. Umumiy uzunligi 32 kilometr, eng keng joyi 12 kilometr, o’rtacha chuqurligi 1 — 3 metr. Arnasoy ko’llariga Markaziy Mirzacho’l tashlamasi orqali sho’r zovur suvlari ham kelib quyiladi (hajmi 1,6 — 1,8 km3), sho’rligi 1 l da 4 — 5 gramm. Qishda Chordara suv omboridan ma’lum miqdorda suv oqiziladi, shuning uchun ko’l suvining minerallashuv darajasi unchalik yuqori emas. Arnasoy ko’llaridan ortiqcha suv tor yo’lak orqali Aydar kuliga oqib o’tadi. Ko’llar qamishzorlar bilan band. Arnasoy ko’llarida suvda suzuvchi qushlar, tovon baliq, zog’ora baliq, laqqa baliq, sudak, leshch va boshqa baliqlar mavjud. Arnasoy ko’llarida baliq ovlanadi.