Asr qachon boshlanadi?

O’zingizni bir sinab ko’ring-da, ushbu savolga quyidagi yozuvlarga qaramasdan javob berishga harakat qiling. Hamma emas-u, lekin ko’pchilik yangi, XXI asr boshlanishi haqida gapira turib, 2000 — yil deydi. Bu, axir, xato-ku! 1999 yil 31 dekabrdan 2000-yil 1 yanvarga o’tar kechasi XX asrning oxirgi yuzinchi yili boshlanadi. XXI asr 2001 yil 1 yanvardan kirib keladi! Qayg’urmang, xatolik achinarli bo’lsa-da, biroq uni tushunsa bo’ladi. Sizni ko’p nollari bo’lgan ushbu «mo»jizali» raqam sehrlab qo’ygan. Darvoqe, 1800, 1900 va shuncha o’xshagan yillarni asriy yillar deyishadi. Ular asrlarni, mingyilliklarni «yakunlashadi». Xuddi shunday, 2000 yil yerning yangi tarixida ikkinchi ming yillikka nuqta qo’yadi. Keyingi yil esa uchinchi ming yillikni ochadi. Asr boshini aniqlashdagi xatoga kelsak, u Pyotr I davridan boshlangan. Uning tug’ilishidan boshlab Rusda yillarni hisoblash qoidasini kiritish to’g’risidagi farmonga ko’ra, yangi asr boshlanishi sifatida, demak, alohida tantanali bayram sifatida 1700 yilning 1 yanvari tilga olinadi. Mana, dono imperator kashfiyoti! Shundan ketdi — qo’ydi… Ajoyib rus yozuvchisi K. G. Paustovskiy Andersenning ertaklar to’plamiga so’z boshisida shunday yozgandi: «Bu voqea 1899 yil 31 dekabrning qish kechasida — yigirmanchi asrga nihoyati bir necha soat qolganda sodir bo’lgan…»Tarixchi Manfred ham «Napoleon Bonapart» kitobida «1799 yil oxirlab borardi. Asr oxirlab borardi» degan tarzda xatolikka yo’l qo’yadi. Bugungi gazeta va jurnallardagi behisob noaniqliklarni aytmaysizmi? Matbuot sahifalarini varaqlab «2000 yil — bo’sag’ada» yoki «2000 yil – yangi eraning boshlanishimi?», yoki «2000 yil — avtomobili» (samolyoti, kursisi — istagan so’zni qo’yavering). Aytayapmiz-ku, nollar qancha ko’p bo’lsa, yangilishishlar ham…