AVTORADIOGRAFIYA

AVTORADIOGRAFIYA, autoradiografiya, radioavtografiya— biror ob’yektda radioaktiv moddalarning qanday taqsimlanishini o’rganish usuli. Avtoradiografiyada tekshiriladigan ob’yekt yuziga radioaktiv moddalarning nurlarini sezadigan fotoemulsiya beriladi; ob’yektdagi radioaktiv moddalar doim nur chiqarib turgani uchun fotoemulsiyani qoraytiradi, go’yo o’zini-o’zi suratga tushiradi (usulning nomi ham shundan). Ob’yektga fotoemulsiya berishning bir necha yo’li bor: foto-emulsiyani suyultirib, namuna yuziga quyish yoki namuna sirtini silliqlab, unga fotoplastinka bostirib qo’yish mumkin. Radioaktiv moddalarning qanday taqsimlangani to’g’risida bir fikrga kelish uchun fotoemulsiyaning qanchalik qoraygani etalonga solishtirib ko’riladi yoki fotoemulsiyaga tushgan nur izlari optik, elektron mikroskoplarda sanaladi. Radioaktiv moddalarning namunada taqsimlanishini ko’rsatadigan fotografik tasvir avtoradiogramma yoki radioavtogramma deb ataladi. Avtoradiografiya fizika va texnikada, biologiya va tibbiyotda keng qo’llaniladi. Avtoradiografiya usuli har xil rudalarda radioaktiv elementlar bor-yo’qligini, tog’ jinslari, metall qotishmalarida bu elementlar qanday taqsimlanishini, tabiiy radioaktiv elementlarning tana to’qimalarida qanday tarqalishini bilib olishga yordam beradi. Radioaktiv izotoplar bilan nishonlangan birikmalarni organizmga yuborish va to’qima hamda hujayralarni keyin Avtoradiografiya usuli bilan tekshirish tegishli jarayonlarning qaysi hujayralar yoki hujayra tuzilmalarida bo’lib o’tishini, biror xil moddalarning qanday tuzilmalarga jo bo’lishini aniqlashga imkon beradi va hokazo.