AZAYIMXONLIK
AZAYIMXONLIK – duo o’qish, dam solish, sehr-afsun yo’li bilan tabiblik qilish. Ibtidoiy sehrgarlikning bir ko’rinishi. Ilk jamiyatning urug’chilik bosqichida ayrim shaxslar odamlarni oddiy usul (dorivor giyoh, qon olish va boshqalar) bilan davolagan. Lekin ularning ba’zilari bemorni davolash jarayonida, go’yo kasal «sababchisi» bo’lgan «yomon ruhlar»ni har xil xatti-harakatlar (avrash, duo o’qish, sehrlash, afso’ngarlik) bilan «haydab chiqara olishlariga» odamlarni ishontirgan. Jahonning ko’pgina xalqlarida keng tarqalgan. Azayimxonlik bilan shug’ullangan shaxslar azayimxon, duoxon, baxshi va hokazolar deb ataladi. Azayimxondan xalq tabiblarini farqlash lozim.