Bridj o’yini qay tariqa paydo bo’lgan?

Qarta bilan bog’liq bo’lgan barcha o’yinlar singari Bridj ham qadimiy tarixga egadir. U vist oilasiga mansub. Vist namunasidagi barcha o’yinlar singari unda ham to’rt kishi ishtirok etadi: ikki nafarga ikki nafar. 52 qartali dasta har bir o’yinchiga 13 tadan qarta tegadigan qilib chiylanadi. O’yindan maqsad — shirinkomani olish. Har bir shirinkoma o’yinchilardan har biri bittadan tashlagan qartadan iborat bo’ladi. Vist Angliyada vujudga kelganini hamma tan oladi. Vist oilasining «Triumf»dan boshlanib so’ngra «zotlar», «zotlar va onerlar (yoki niqoblar)», Bridj, «auktsion» bridji (vist namunasida), va nihoyat, Bridj-kontrakt singari butun boshli turkumi mavjud bo’lgan. Bu o’yinlarning dastlabkilari bundan 400 yil muqaddam bitilgan inglizcha kitoblarda tavsiflab berilgan! Tabiiyki, vist avvalida quyi tabaqalarning o’yini-bo’lgan. XVIII asrning boshlarida u London qahvaxonalarining jentelmenlari tomonidan o’zlashtirildi. 1742 yilda Edmond Xoyl «Vist bo’yicha muxtasar dasturilamal»ni e’lon qiladi. Shundan so’ng o’yin juda ommalashib, Yevropa va Amerika bo’ylab keng tarqalib ketadi. Vist qay tarzda Bridjga aylangani judayam ravshan emas. Ayrimlar Bridj Rossiyadan tarqalgan deb ta’kidlaydi. Ular «Bridj» so’zining o’zi ruscha «berech» so’zidan kelib chiqqan deyishadi. Boshqalar esa Bridjning vatani Daniya deydi. Tagin bir nazariyaga ko’ra, u Turkiyada kelib chiqqan, Turkiya va Misrda keng tarqalgan ko’ngilxushliklardan biri bo’lgan. Aytishlaricha, Turkiya Bridj o’yini juda ommalashib ketgan ilk mamlakat bo’lgan. «Bridj» so’zi turkcha «bir-uch» so’zlaridan kelib chiqqani ham ehtimoldan xoli emas. 1907 yildan 1930 yilga qadar «auktsion» bridji shu qadar ommaviylashgan ediki, butun dunyo bo’yicha eng kamida 15 000 000 odam bu o’yinni ermak qilgan. Bugun uning o’rnini tag’inam ommaviy bo’lgan Bridj-kontrakt egalladi.