BUG’DOYDOSHLAR

BUG’DOYDOSHLAR (g’alladoshlar) (Roaseae yoki Gramineae) — bir urug’ pallali o’simliklar oilasi. Bir yillik, ikki yillik yoki ko’p yillik o’t, ba’zan buta yoki daraxtlardan tashkil topgan. Poyasi tsilindrsimon tik yoki yonboshlab ko’tarilib o’sadi, bo’g’imlarga bo’lingan, ichi g’ovak, shuning uchun u poxol yoki somon deb ham ataladi. Bo’yi 1 santimetrdan bir nechta o’n metrgacha; ba’zilarining poyasi yog’ochlanib baland bo’lib o’sadi (mas, bambukning bo’yi 40 metr, diametri 30 santimetrgacha). Barglari oddiy, ipsimon, qalami, bandsiz, navbatlashib joylashgan, qinli. Poyaning bir qismi shu barg qini ichida joylashadi. Gullari ikki jinsli, ba’zan bir jinsli, mayda, ko’rimsiz, oddiy to’pgullarga (boshoqchalarga) yig’ilgan; bular esa murakkab to’pgullar, shingil, ro’vak va boshqalar hosil qiladi. Boshoqchalari bitta yoki bir nechta, ba’zan ko’p gulli. Mevasi don, ba’zan danaksimon, yong’oqsimon yoki rezavor. Urug’ining ko’p qismi kraxmalli endospermdan iborat. Bug’doydoshlarning ko’pchiligi uzun ildiz poyali va popuk ildizli. Bug’doydoshlarning 600 turkumi, 10000 turi ma’lum. O’zbekistonda 91 turkumi (270 turi) o’sadi. Kupincha Bug’doydoshlar uchta kenja oilachaga bulinadi. Bug’doydoshlar yer sharining hamma qismida keng tarqalgan, ko’pchilik turlari tropik mamlakatlarda uchraydi. Bug’doydoshlar qalin o’tzorlar, pichanzorlar, o’tloqlar, savanna, preriy va boshqalar hosil qiladi. Bug’doydoshlarga muhim madaniy don o’simliklaridan — bug’doy, sholi, Makka, suli, arpa, javdar, tariq, oq jo’xori va boshqa hamda shakarqamish kiradi, shuning uchun ham kishilar hayotida ularning ahamiyati katta. Yovvoyi holda o’suvchi — oqso’xta, raygras, bug’doyiq va boshqa ko’pchilik turlari qishloq xo’jalik hayvonlari uchun yemxashak hisoblanadi. Bug’doydoshlarning ba’zi turlaridan texnik o’simlik sifatida foydalanib, ulardan kraxmal, spirt, qog’oz, xushbo’y va yeyiladigan moy olinadi va qurilish materiallari, arqon, chutka va boshqalar tayyorlashda foydalaniladi. Ko’pchilik turlari dorivor, ba’zilari manzarali. Ko’chma qumlarni mustahkamlash uchun ekiladigan turlari ham bor. Ba’zilari begona o’t. O’ktam Pratov.