BUG’DOYIQ

BUG’DOYIQ — bug’doydoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’tlar. Ildiz poyali, qalin chim hosil qiladigan yemxashak o’simliklari, bo’yi 60-100 santimetr, gullari boshoqchalar, boshoqchalar esa poya uchida to’planib, boshoq hosil qiladi. Deyarli hamma yerlarda — dala, bog’, cho’l, o’tloqzor, dasht, o’rmon, adir va tog’larda uchraydi. Bug’doyiqning 30 ga yaqin turi bor. Ayrim turlari begona o’t sifatida zararli. O’zbekistonda 9 turi bor. 2 turi: sertuk (E. trichophora) va Tuke iz Bug’doyiq (E. repens) chorva mollariga yaxshi ozuqa hisoblanadi. May—iyunda boshoq tortadi. Adir va quruq tuproqli tog’qiyaliklarida o’tloq va pichanzorlar hosil qiladi. Pichani qishda ham. xushxo’r bo’ladi. Tabiiy bug’doyiqzorlarning har gektaridan 18-20 tsentnerdan pichan olinadi. 100 kilogramm pichanida 51,7 ozuqa birligi va 6,7 kilogramm hazm bo’ladigan protein bor. Ekinzorlarda bug’doyiq ildizi tuproqqa 1,5—2 metr chuqurlikda kirib boradi. Yerni chuqur haydash va gerbitsidlar qo’llash yo’li bilan yo’qotiladi. Ildizpoyasining qaynatmasi ba’zan siydik haydovchi dori sifatida, shuningdek ko’krak qafasi va jigar kasalliklariga davo qilishda ishlatiladi.