DISKLASH

DISKLASH, tuproqni disklash — yerning ustki haydalma qatlamini diskli borona va yumshatgichlar (lushchilnik) bilan ishlash. Disklashda tuproqni yumshatish, maydalash, aralashtirish va qatlamni yuza ag’darish ishlari bajariladi. Chimli yerlarda ajriq va shunga o’xshash o’tlarni yo’qotish, chim palaxsa ko’chmasligini oldini olish maqsadida yer haydashgacha o’tkaziladi. Sug’orma dehqonchilik sharoitida qumoq tuproqlarda Disklash yer haydashdan oldin yoki dalani ekin ekishga tayyorlatshda; palaxsali shudgorni ishlashda, hali etilmagan erni bahorgi haydovdan so’ng yoki bahorgi boronalash kechikkanda, oraliq ekin ekish uchun yozgi shudgor vaqtida 10-12 santimetr chuqurlikda o’tkaziladi. Haydalgan bedapoyalarda qayta ko’kargan o’t va bedalarni yo’qotish, eski bedapoyalarda tuproq aerasiyasini yaxshilash, shuningdek, yangi poyalarni ko’kartirish uchun Disklash yaxshi samara beradi. Biroq, ildizpoyali begona o’t bosgan yerlarni ekishdan oldin Disklash dalaning yanada o’t bosishiga olib keladi (ildizpoya maydalanib, dalaga yoyilib ketadi).