DISNEY

DISNEY, disni (Disney) Uolt (1901.5.12, Chikago – 1966.15.12, Berbank) — AQSh kinorejissyor-multiplikatori, rassom va prodyuser. 1919 yildan kino sohasida ishlagan. Qisqa metrajli «Villi kemasi» (1928) ovozli multfilmi bilan AQSh kinematografiyasida tovush va harakatni sinxronlashtirish usulini ishlab chiqqan. Disney birinchilardan bo’lib qahramonlari (o’rdak Donald DAK, sichqon Mikki Maus va boshqalar) bo’lgan qisqametrajli filmlarni suratga oldi. 1933 yilda AQShda birinchi bo’lib uch rangli film yaratdi. Uning yirik filmlari: «Oppoqoy va yetti Mittivoy», «Bembi», «Uyqudagi go’zal», «101 it» va boshqalar. Disney folklor va etnografiyaga, hayvonlar va o’simliklar dunyosiga oid hujjatli filmlarning ham muallifi. Filmlari O’zbekistonda ham namoyish etilgan. Disneyning Anaxaym shahri (Kaliforniya)da ochgan «Disneylend» (1955) bolalar bog’i juda mashhur. Undagi qator texnik attraktsionlar Disney filmlaridagi obrazlarni aks ettiradi.