DISPANSER

DISPANSER (Fransuzcha dispensaire — taqsimlayman) — bemorlarning ayrim guruhlariga muntazam davolash-profilaktika yordami ko’rsatadigan maxsus tibbiy muassasa. O’z sohasiga oid bemorlar sonini aniqlash, ularni hisobga olish, davolash, ahvollarini kuzatib borish, ish va yashash joylarining sharoitini o’rganish, bundan tashqari, kasalliklarga qarshi kurashish, oldini olish choralari bilan bog’liq sanitariya-maorifi masalalarini ishlab chiqish, targ’ib qilish Dispanserning muhim vazifasidir. Sil, teritanosil, onkologik, psixonevrologik, narkologik, kardiorevmatologik, shuningdek, buqoqqa qarshi, vrachlik fizkultura (sport bilan shug’ullanuvchilarni kuzatib turadigan) Dispanserlari bo’ladi. Har qaysi soha Dispanserlari ishining o’ziga xos tomonlari bor. Masalan, silga qarshi Dispanser aholini yalpi flyuorografik tekshiruvdan o’tkazadi, bemorlar bilan birga bo’lgan kishilarni hisobga oladi; psixonevrologik ekspertiza o’tkazadi; vrachlik-fizkultura Dispanseri vrach nazoratini amalga oshiradi. Dispanser tarkibida poliklinika, kasalxona, klinikdiagnostika va boshqa laboratoriyalar, ixtisoslashgan davolash-profilaktika xonalari, ayrim hollarda kunduzgi va tungi sanatoriylar, mehnat bilan davolash ustaxonalari, parhez oshxona va hokazolar bo’ladi. Tuman Dispanserlari o’z hududidagi aholiga xizmat ko’rsatadi. Bundan tashqari, shahar va respublika Dispanserlari ham bo’ladi.