G’ISHT

G’ISHT — qurilish materiali; to’g’ri burchakli parallelepiped ko’rinishidagi sun’iy tosh. Tabiiy va sun’iy (mineral) materiallardan tayyorlanadi. Xom va pishiq turlarga bo’linadi. Xom G’isht tabiiy sharoitda quritiladi. Pishiq G’ishtni tayyorlashning «ho’l» va «yarim quruq» usullari bor. Oddiy pishiq G’ishtni «ho’l» usulda tayyorlash uchun sog’tuproqdan loy tayyorlanadi, yaxshilab pishitiladi, qoliplanadi, quritiladi va xumdonda pishiriladi. «Yarim quruq» usulga ko’ra, 8-10% namliqdagi tuproq massasi 120-150 kg/sm2 bosim ostida po’lat qoliplarda maxsus presslarda presslanadi, keyin 1000° ga yaqin temperaturada aylanma yoki tunnel xumdonlarda pishiriladi. Bu usul G’ishtning o’lchamlari aniq va shakli to’g’ri bo’lishini ta’minlaydi. Siqilishga mustahkamlik chegarasi bo’yicha G’ishtlar 5 markaga bo’linadi: 150; 125; 100; 75; 50. «Ho’l» usul bo’yicha tayyorlangan G’ishtning hajmiy og’irligi o’rtacha 1700 kg/m2 «yarim quruq» usulda tayyorlangan G’ishtniki esa 1900 kg/m3 ni tashkil etadi. Hajmiy og’irligi 1400 kg/m3 dan kam bo’lgan yengil G’ishtlar ham binokorlikda keng ishlatiladi. Siqilishga mustahkamlik chegarasi 50— 100 kg/sm2 va hajmiy og’irligi 1000— 1400 kg/m3 bo’lgan G’ishtlar imoratlarning yuk ko’taruvchi devorlarini tiklashda qo’llanadi. Siqilishga mustahkamlik chegarasi 35-50 kg/sm2 va hajmiy og’irligi 700-1000 kg/m3 bo’lgan yengil G’ishtlar oddiy devorlarda, issiq — sovuqni o’tkazmaydigan (izolyatsion) material sifatida hamda sinchli binolarda sinchlar orasini to’ldirishda ishlatiladi. Hajmiy og’irligi 500-700 kg/ m3 va mustahkamlik chegarasi past (6-15 kg/sm2) bo’lgan G’ishtlar qozon, quvur va pechlarga qoplash uchun qo’llanadi. G’ishtlarning kovakli, ko’p teshikli, kislotaga, o’tga chidamli maxsus xillari mavjud. Silikat G’ishtlar ham ishlab chiqariladi. Silikat G’isht tayyorlash uchun kvars qumi (92-95%), ohak (5-8%) va suv aralashmasidan iborat massa yuqori bosim va t-ra ostida avtoklavlarda qotiriladi. Silikat G’isht sarg’ish kulrang ko’rinishda bo’ladi. Uning hajmiy og’irligi 1700— 1900 kg/m2 bunday G’ishtlar fuqaro va sanoat binolarining yuk ko’taruvchi devorlari va ustunlarini tiklashda ishlatiladi. Silikat G’ishtlar namga, yuqori temperatura (500° dan ortiq) ga uncha chidamli bo’lmagani uchun pech va mo’rilarda, poydevor va sokollarda ishlatilmaydi. Qadimgi o’zbek milliy me’morligida kvadrat shaklidagi (24x24x5 sm) «musulmon» G’ishtlar keng rasm bo’lgan. O’zbekistonda 19-asr 2-yarmidan to’rtburchak shaklli (28x13x7 sm va 37x23x9 sm o’lchamli) «Nikolay» G’ishtlari ishlatilgan. Hozir asosan 25x12x6,5 sm o’lchamli va bir yarimtali (25x12x8,8 sm) pishiq G’isht ishlatiladi.