G’ISHTBAND

G’ISHTBAND — 12-asr gidrotexnika inshooti — suv omborining tosh to’g’oni qoldig’i. Samarqand viloyati Kattaqo’rg’on tumanidagi Jom qishlog’i yaqinidan topib tekshirilgan. Bu inshoot aholi o’rtasida G’ishtband (g’ishtdan qurilgan to’g’on) nomi bilan yuritilib, Zarafshon tog’ tizmalarining g’arbiy etaklaridan oqib tushadigan Omondarasoyda qurilgan. U yo’nilgan tog’toshlari va suvga chidamli maxsus qurilish qorishmasi bilan ishlangan. Inshoot soyning eng tor joyiga o’rnatilgan bo’lib, to’g’onning balandligi 9 metr, ustki qismining uzunligi 24,5 metr, asosi 10 metr; qalinligi yuqorisida 5,5 metr, asosida 9 metr. G’ishtbandning suv to’planadigan ichki tomoni tik, tashqarisi zinapoya shaklida. G’ishtband tufayli o’z vaqtida Omondarasoy ichida chuqurligi 9 metr, uzunligi 700 metr, eni inshoot oldida 25 metr va yuqori — Sharqiy tomonida 100 metr kattalikdagi suv ombori hosil bo’lgan. Soyning qishki oqimi va bahorgi sel suvlari suv omboriga to’planib. qariyb 300 ming kub metr hajmdagi suv jamg’arilgan. G’ishtband inshooti tufayli Samarqand va Naxshab (qarshi) oralig’idan o’tgan qadimgi karvon yo’li yoqasida mustahkam qal’a qad ko’targan. Qal’aning xarobalari hozirgi vaqtda Kattatepa deb yuritiladi. U G’ishtbanddan 5 kilometr g’arbda, Jom qishlog’i yaqinida joylashgan. Jom qishlog’i atrofida 250-300 gektar yer maydoni sug’orilib, obod etilgan. Suv omborini loyqa bosish, inshoot esa nurash oqibatida ishdan chiqqan.