Haydarov Nuriddin Usmonovich

Haydarov Nuriddin Usmonovich (1957.1.8, Oqqo’rg’on tumani — 2004.3.10, Toshkent) — estrada xonandasi. O’zbekiston xalq artisti (2003). Shirali va jozibador ovoz sohibi. Farg’ona pedagogika institutini tugatgan (1978). Farg’ona viloyati (1980-1986) va O’zbek davlat (1986-1993) filarmoniyalarida yakkaxon xonanda. Toshkent harbiy texnik bilim yurti qoshidagi ansamblning badiiy rahbari (1994-2002), Toshkent shahri Ichki ishlar Bosh boshqarmasida Ma’naviyat markazining direktori (2002-04). Repertuaridan o’zbek mumtoz va estrada qo’shiqlari («Yulduzim», «nasibam») hamda o’zi bastalagan qo’shiqlar («O’zbekiston polvonlari», «ona», «Senga», «Qizlar», «sehri bor» kabi) o’rin olgan. «Do’lana», «yur, muhabbat», «Davlatim» singari qo’shiqlari ham ommalashgan. Haydarov ijrolari O’zteleradiokompaniyasining fonotekasiga yozilgan. Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. Haydarov xotirasiga bag’ishlab «SE—Profi» kompaniyasi «Ayronchi qiz», «do’lana», «yur, muhabbat» audio albomlari va «kuzgi kayfiyat» video albomini chiqargan (2004).