Haydarov Xoliqul Haydarovich

Haydarov Xoliqul Haydarovich (1933.16.3, Sariog’och, Chimkent viloyati) — O’zbekiston xalq rassomi (1977). Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini tugatgan (1954). Toshkent viloyati Kalinin (hozirgi Zangiota) tumanidagi 15-o’rta maktabda rasm o’qituvchisi (1954-60), O’zbekiston KP MK birlashgan nashriyotining bosmaxonasida rassom (1960— 67), Toshkent chinni zavodining badiiy laboratoriyada yetakchi rassom (1967-93). Haydarov gazeta va jurnallarda asarlari bilan qatnashgan. Haydarov Toshkent chinni zavodida samarali ijod qildi: «O’zbekiston», «oq olma», «Namanganning olmasi» kabi chinnilar to’plamlarini yaratgan; birinchilardan bo’lib chinni buyumlar (asosan ko’za, lagan va boshqalar)ga tasvir (portret) lar ishlashni boshlab bergan. Beruniy, Ulug’bek, Navoiy kabi mutafakkirlar, turli ilm-fan, davlat arboblari vakillarining siymolarini chinniga ishlagan. Haykaltaroshlik asarlari ham yaratdi (jumladan, «To’lebiy», mis, 2002, Sariog’och shahrida). «Haydarov hayoti va ijodi» nomli hujjatli film ishlangan (1991). Haydarov ishlaridan namunalar Respublika va chet el ko’rgazmalarida namoyish etiladi, muzey va xususiy to’plamlarda saqlanadi.