Ich dam bo’lishi

Ich dam bo’lishi, ichda el to’planishi, meteorizm — ichakda ko’p el to’planishi natijasida qorinning taranglashishi. Sog’lom odamning me’dasi va ichagida shu a’zolar faoliyatini bir me’yorda saqlab turish uchun oz miqdorda gaz bo’ladi. Ichakda bijg’ish (achish) jarayoni kuchayganda, ko’plab sut, shirinlik, uglevod iste’mol qilinganda ich dam bo’lishi kuzatiladi. Ichakda gazlar yaxshi yurishmaganda, ichak torayganda, ayniqsa ichak tutilganda, qorin a’zolarida qon dimlanganda, surunkali gastrit, pankreatit, enterit, shuningdek, yurak kamchiligida ham ich dam bo’lishi kuzatiladi. Bemor qornida ogirlik, tirsillash va og’riq sezadi, el chiqqandan keyin bu og’riq bosiladi. Ich dam bo’lishining oldini olish uchun ich normal kelib turishini ta’minlash, uglevodli ovqatlarni kamroq iste’mol qilish zarur. Yurak-tomir kasalliklari, stenokardiya bilan og’rigan kishilar Ich dam bo’lishiga yo’l qo’ymasliklari lozim, chunki ichakning gazlardan cho’zilishi yurak toj tomirining torayishiga sabab bo’lishi mumkin. Davosi — faollashtirilgan ko’mir (karbolen) beriladi, moychechak (romashka)dan klizma (huqna) qilinadi, parhez buyuriladi. Ich dam bo’lishiga sabab bo’lgan asosiy omil bartaraf qilinadi.