Ilk rus haykali qachon yaratilgan?

Ilk (albatta, bizga ma’lum bo’lganlaridan) rus haykalining yaratilganiga ham besh asrdan oshib ketibdi. Bir tasavvur qiling-a, oradan ming yilning yarmidan jinday ortiq zamon o’tibdi! Ilon boshini yanchayotgan Ayo Muzaffar Georgiyning tosh haykali rus me’mori va haykaltaroshi Vasiliy Dmitriyevich Yermolinning tog’dek mehnati va buyuk iste’dodi sharofatidan XV asrda dunyo yuzini ko’rdi. Bu, biz ustaning ismi sharifi va durdona yaratilgan sanani aniq bilishimiz mumkin bo’lgan g’oyatda noyob va saodatli voqea. XV asr solnomasida bizga ma’lumki, Ayo Georgiy Zohidning haykali Moskva Kremlining Frolovskaya (hozirgi Spasskaya) darvozalariga 1464 yilning 15 iyunida o’rnatilgan edi. Aynan o’sha solnomada tosh obidani yaratgan Vasiliy Yermolinning ismi sharifi zikr etib o’tiladi. Xo’sh, biz u haqda nimalarni bilamiz? Vasiliy Dmitriyevich Yermolin podshoh Ivan III zamonasining eng dongdor me’morlarkdan biri edi. Vladimirdagi Oltin darvozalar (1469) ni, Moskvada esa — Kreml devorlaridan tashqari, uning bosh yo’lagi — Frolovskaya darvozalari (1464-1469) ni qaytadan qurish unga ishonib topshirilgan edi. Xuddi o’sha kezlarda bu darvozalarni Ayo Georgiy haykali bezaydiki, uning tasviri Rossiyaning ona shahri emblemasiga, qolaversa Rossiya imperiyasi davlat gerbining tarkibiga ham kirdi. Shunday qilib, ilk rus haykali — Muzaffar Grigoriy — yagona Rossiya davlatini tashkil etish va Oltin O’rda istibdodini ag’darish pallalarida Kreml darvozalarida paydo bo’ldi. U alohida — ramziy ma’noga egaligiga ajablanmasa ham bo’ladi: Georgiy (Yegoriy) — yovuzlikni bartaraf etuvchi, — boshi yanchilayotgan ilon esa, — bu, albatta, serqahr mo’gul-tatarlarning Oltin o’rdasi. O’sha kezlarda Kreml hali ham oq toshdan, qizil maydonda esa Vasiliy Blajenniy jome’si yo’q edi. Ayo Zohid va Muzaffar Georgiy darvozalar ravoqlaridan handaq osha kunchiqarga — rus uchun hali ham tajovuz yashirinib yotgan tomonga qarab turar edi. Bu durdonaning taqdiri ham qiziq. Muzaffar Georgiy Frolovskaya darvozalarini atigi 30 yil bezab turdi xolos. Kremlning italyan me’morlari shug’ullangan yangi qaytadan qurilishi pallasida relef Frolovskaya darvozalarining shundoq yonginasida joylashgan Voznesenskaya monastriga-dorulrohibiga avaylab ko’chirib o’tkazilgan edi. Zohid va Muzaffarning haykali aziz tutiladigan va topiniladigan ibodatxona siymosiga aylandi, chunki u Ulug’ Rossiyaning ozod bo’lishi va qaytadan tiklanishining ramzi edi. Biroq bularning hammasi uzoq o’tmishda bo’lgan, bizning asrimizda esa hokimiyatga hammani va hamma narsani maqbul ko’rmaydigan bolsheviklarning kelishi bilan ilk rus haykalining boshiga qora kunlar yog’ildi. Binobarin nafaqat bu durdonaning boshiga. 1929 yilda Chudov va Voznesenskaya monastirlari (qaniydi, faqat shulargina bo’lsa) buzib tashlangandi. Boya aytib o’tganimizdek, aziz yodgorlik aynan shu Voznesenskaya monastirida saqlanar edi. Haykalning kiftpo’sh deb ataluvchi yuqori qismi Tretyakovskaya galereyasiga berilgan, bu yerda u buyuk Andrey Rublev va Dionisiylarning ikonalari bilan yonma-yon namoyish etilar edi. Relefning qolgan qismi chekiga esa bag’oyat nomaqbul ko’rgiliklar tushadi. Ekspertlar sinchilarning xatosi oqibatida ular ancha yaqin davrga mansub va alohida qimmatga ega emas deb topiladi. Ularni shunchaki ro’yxatdan chiqarishdi (yo’q qilib yubormaganlariga ham shukur qilamiz). Relefning lavhalari Kremlning turli burchaklariga tushib qoladi, 60-yillarda esa olimlar ularni aniqlay boshlaydilar. Va nihoyat, qadimiy haykalni qaytadan tiklash imkoniyati yuzaga keldi. Tajribali qayta ta’mirlovchilar hozir ular ustida ishlamoqdalar va ehtimol, Moskvaning 850 yilligigacha Ayo Muzaffar Georgiyga hayta hayot baxsh etilar. Bizning ixtiyorimizda esa qayta ta’mirlash ishlari yakunlanishini, shu bilan birga qaytadan tiklangan aziz yodgorlikni qarshi olmoqni intiq kutish qoladi, xolos.