Ilonsoy rasmlari

Ilonsoy rasmlari – Zarafshon tizmasining shimoliy yon bag’ridagi Ilonsoy darasidan topilgan qoyatosh rasmlari (soyning chap qirg’og’i bo’ylab joylashgan). Samarqanddan 15-16 kilometr Janubda. 1938 yilda I. Suxarev, 1965-70 yillarda G. Shaskiy, R. Ravshanov, M. Xo’janazarovlar tomonidan o’rganilgan. Ilonsoy rasmlari miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmi, milodiy 1-ming yillikka mansub, shuningdek, keyinchalik yaratilgan rasmlar ham uchraydi. Rasmlar tosh va metal qurollar yordamida sharpa, shakl va chizma tarzda chekma usulda o’yib ishlangan. Hayvonlardan tog’echkisi, kiyik, ilon, it, ot, tuya va boshqalar, chavandozlar, odam shakli, turli narsa (o’q-yoy)lar tasvirlangan, shuningdek, Arab yozuvlari ham uchraydi. Ilonsoy rasmlari shu hududda yashagan elatlar madaniyati, tarixini o’rganishda qadimgi san’at obidasi sifatida katta badiiy qimmatga ega. Ad.: Shaskiy G. R., Risunki na kamne, T., 1983.