Ipak to’r qachon va qayerda paydo bo’lgan?

Ipak to’r to’qish san’ati — mato taglik-pishnaksiz iplarning murakkab to’rlamasi bilan to’rli-nafis rasm yaratish — qadim-qadim zamonlardan beri ma’lum. Qadimgi Bobil va Ossuriyada topilgan barelyeflarda ilohlar va podshohlar libosi ipak to’r bilan ziynatlangani yaqqol ko’zga tashlanadi. O’sha zamonlardayoq ipak to’r tayyorlashning ikki — tikilgan va to’qilgan — texnikasi mavjud edi. To’qilgan ipak to’r maxsus yostiqchaga mahkamlangan rasmga ko’ra tayyorlanadi. Rasmning chetlari bo’ylab qatimlarning uchlari tangiladigan bir necha to’g’nachilar o’rnatiladi. Chizmaga rioya qilgan kashtachi murakkab to’rni yaratadi. Tikilgan ipak to’r maxsus tevana bilan qog’ozga chizilgan rasm asosida tayyorlanadi. U ilk marotaba XV asrda Italiyada vujudga kelgan va «muallaq qaviqlar» deb atalgan edi. G’arbiy Yevropa mamlakatlarida ipak to’r hunarining rivojlanishi erkaklar kostyumining tarixi bilan chambarchas bog’langan. Ilk o’rta asrlardan e’tiboran ichyoqalar, manjetlar, bo’yinbog’lar, hatto qo’lqoplar ipak to’r bilan bezatilgan edi. XVI asrdan e’tiboran ipak to’rli bezak kardinallar, saroy ayonlari, armiya oliy ofitserlari libosining muntazam unsuriga aylanadi. Ipak to’rli bezaklardan milliy liboslarda ham keng foydalaniladi, ularni bosh kiyimlarga, yubkalar va fartuklarning etaklariga solishadi. XVII asrdan boshlab Fransiya va Flandriya ipak to’r tayyorlovchi va eksport qiluvchi asosiy o’lkalarga aylandilar. Ipak to’r to’qish uchun oq ipakdan tashqari, turli rangda qatimlar birikuvidan, shuningdek oltin yoxud kumush qatimlar chatmasida foydalanishadi. XVIII asrda mashinada to’qilgan dastlabki ipak to’rlar paydo bo’ladi. Bu material tyul deb nom olgan edi.