Iqlim

Iqlim — yer yuzasining quyosh nurlariga nisbatan og’ishiga bog’liq ravishda ob-havoning muayyan joyga xos bo’lgan ko’p yillik maromi, ya’ni biron joyda bo’ladigan ob-havo sharoitlarining majmui va mavsumiy geografik o’zgarishi; quyosh radiasiyasi, yer to’shama sirti xususiyatlari hamda ular bilan bog’liq atmosfera dirkulyatsiyasi ta’sirida vujudga keladi. Har bir joy Iqlimi uning boshqa joylardagi Iqlimga nisbatan o’ziga xos xususiyatlari haqida ko’p yillik Meteorologik kuzatishlar natijasidagina to’la tasavvurga ega bo’lish mumkin. Iqlim atmosfera va faol qatlam (yer yuzasi) da beto’xtov davom etadigan tabiiy (Iqlim hosil qiluvchi) jarayonlar (issiqlik, kinetik va boshqa shakldagi energiyalarning o’zgarishlari, suvning bug’lanishi, suv bug’ining suyuqlikka aylanishi, namning bir joydan ikkinchi joyga ko’chishi va hokazolar) natijasidir. Yer sharining turli nuqtalarida Iqlimning turlicha bo’lishi Iqlim hosil qiluvchi omillarning har xil bo’lishiga, ya’ni bu jarayonlar sodir bo’ladigan o’sha geografik sharoitlarga bog’liq. Geografik omillardan eng muhimlari joyning kengligi va balandligi, dengiz sohiliga yaqin-uzoqligi, orografiya va o’simlik qoplamining xususiyatlari, qor va muzning bor-yo’qligi, atmosferaning ifloslanganlik darajasi hisoblanadi. Bu omillar kengliklar bo’ylab turli Iqlimlarning shakllanishiga sabab bo’ladi. Yerning shakli, uning Quyosh atrofidagi harakati va ekliptika tekisligiga qiyaligi, yer yuziga quyosh energiyasi turli kengliklarda turlicha tushishi, yerning o’z o’qi atrofida aylanishi natijasida havo va suv harakatlari yo’nalishini o’zgartirishiga ta’siri va bu ta’sirning yuqori kengliklarda kuchli bo’lishi Iqlim hosil qiluvchi astronomik omillar hisoblanadi. Biroq bir kenglikning o’zida ham Iqlim hosil qiluvchi jarayonlar tabiiy geografik omillarga, ya’ni yer yuzasining quyidagi xususiyatlariga bog’liq holda turlicha bo’ladi: a) quruqlik va suv issiqlikni yutish, saqlash va qaytarish, namni bug’lantirish, havo oqimlariga ta’sir etish xususiyatiga ega; b) quruqlik relefi havo oqimlarining tutilib qolishiga, keskinlashuviga va o’zgarishiga, yerning turli yoqlariga kuyosh nurining turli mikdorda tushishiga, yer yuzasidan suvning oqib ketish ketmasligiga va boshqalarga ham ta’sir ko’rsatadi; v) turli tog’jinslaridan tarkib topgan quruqlik mintaqalari har xil issiqlik o’tkazish xususiyatiga ega. Yer yuzida Iqlim sharoitlarining turlicha bo’lishiga asosiy sabab astronomik va tabiiy-geografik omillar hisoblanadi. Ular yer yuzidagi hodisa va jarayonlarga yo butunlay bog’lanmagan yoki, asosan, endogen jarayonlar ta’siri ostida juda sekin o’zgaradi. Bu omillarning eng katta tafovutlari (masalan, tropik va mo’tadil kengliklar o’rtasida, qit’alar va okeanlar o’rtasida) havo oqimlarining umum-sayyoraviy tizimini — atmosferaning umumiy dirkulyasiyasini yuzaga keltiradi. Bu oqimlar issiqlik va namni yer sharining bir qismidan ikkinchi qismiga ko’chiradi, atmosferaning turli vertikal qatlamlari bo’ylab issiqlik va nam almashinuvini vujudga keltiradi, bulutlar va yog’inlar hosil qiladi yoki ularning hosil bo’lishiga yo’l qo’ymaydi, atmosfera bilan faol qatlam o’rtasidagi o’zaro ta’sirni jiddiy o’zgartiradi. Har bir joyda havo oqimlariga bog’liq holda havo salqin yoki issiq bo’ladi, yuqoriga ko’tariladigan yog’inli havo oqimlari, yo bo’lmasa, tepadan pastga tushadigan quruq va iliq havo oqimlari ko’proq bo’ladi. Issiqlikning dunyo okeanlarida turlicha taqsimlanishi va atmosfera dirkulyasiyasi tufayli dengiz oqimlarining paydo bo’lishi ham Iqlimni shakllantirishda muhim rol o’ynaydi. Oqimlar okeanning turli qismlarida yo anomal issiq, yoki anomal sovuq faol qatlam hosil qilib, shu orqali atmosfera dirkulyatsiyasiga va bevosita dengiz ustida Iqlim shakllanishiga ta’sir etadi. O’rta Osiyo hududining atmosfera dirkulyasiyasida Arktika, mo’tadil va tropik havo oqimlari ishtirok etadi. Bu yerlarda yilning sovuq fasllarida mo’tadil mintaqa kontinental havo massalari ustunlik qiladi va, ayniqsa, tsiklon faoliyati jadallik bilan rivojlanadi. Bu esa qish faslining juda o’zgaruvchan, odatda, seryomg’ir va ko’pincha, sovuq bo’lishiga olib keladi. Yilning sovuq bo’lmaydigan davrlarida Turon pasttekisligidagi cho’lning juda qizib ketishi tufayli past bosimli havo qatlami vujudga keladi. Bu yerga kirib kelayotgan havo oqimlari yer sirtidagi issiq to’shamaning kuchli ta’siriga duch keladi, ularda jadal o’zgarishlar jarayoni yuz beradi. Natijada issiq va quruq Turon kontinental tropik havo oqimi vujudga keladi. Transformatsiya (havo oqimining o’zgarishi) ta’sirida tsiklonli jarayonlar shu qadar sezilmaydigan darajada o’tadiki, faqat temperatura qisman o’zgaradi va bulutlar paydo bo’ladi, nisbatan barqaror issiq va quruq obhavo vujudga keladi. O’rta Osiyo hududidagi Iqlimning o’ziga xos xususiyati qurg’oqchilikdir, bu esa hududning tabiiy namgarchilik maromi bilan bog’liq. Namgarchilik maromining shakllanishida atmosfera yog’inlarining ahamiyati katta. Yillik yog’inning ko’proq qismi -30 -50% i bahorga, 30-35% i qishga va 15-20% i kuzga to’g’ri keladi. Yoz oylarida yog’ingarchilik juda kam — yillik yog’inning 5-10% ini, Janubiy hududlarda 2-3% ini tashqi Iqlim qiladi. Yog’inlarning fasllar bo’yicha notekis taqsimlanishi sovuq mavsumlarda tsiklon faoliyatining jadal rivojlanishi (ayniqsa, eng seryog’in oylar —mart— aprel), yozda esa termik depressiya kuchayishi bilan bog’liq. Yog’inlar yildan-yilga o’zgarib turadi, ayrim yillarda esa yog’in o’rtacha (ko’p yillik) yog’inlar miqdoriga nisbatan 1,5—2 marta ko’proq (masalan, 2002 yil bahorda O’zbekiston hududida shunday hol yuz berdi), qurg’oqchilik yillarida esa 3-4 marta kam bo’ladi. Yog’ingarchilikning o’zgaruvchanligi, ayniqsa, quruq issiq oylarda kuchayadi, ayrim yillarda yozda yog’ingarchilik butunlay bo’lmaydi, ayrim yillarda esa bir necha kun ichida bir yillik yog’in yog’ishi mumkin. Iqlimni hosil qiluvchi ikkilamchi omillar ham bo’lib, ular quyidagilardan iborat: a) faol qatlamning al-bedosi va boshqa xususiyatlarini o’zgartirib yuboradigan quruqlikdagi qor va muzliklar hamda dengizlardagi muzliklar; b) faol qatlamning suv o’tkazuvchanligi, issiqlik sig’imi, issiqlik o’tkazuvchanligi, albedosi, g’adir-budirligi, bug’latish qobiliyatini va boshqa xususiyatlarini o’zgartirib yuboradigan o’simliklar (ayniqsa, o’rmon) va tuproq qoplami. Okeanlarda Iqlimning har bir elemenga geografik kenglikning o’zgarishiga, bir dengiz oqimi ta’siridagi hududdan ikkinchi oqim ta’siridagi hududga o’tishiga, joyning atmosfera umumiy dirkulyatsiyasiga nisbatan tutgan o’rniga qarab asta-sekin o’zgarib boradi. Iqlimning faqat okeanlardagina sof holda kuzatiladigan bunday asta-sekin o’zgarishi makroiqlimiy o’zgarishlarga sabab bo’ladi. Quruqlikdagi makroiqlimning asta-sekin o’zgarishiga relef, o’simlik, suv havzalari va hokazolar ta’sir etadi. Yirik va o’rtacha relef shakllari, o’rmonlar, dalalar, ko’llar, yirik shaharlar va boshqalar ta’sirida bir necha kilometr yoki bir necha o’n kilometr masofada Iqlim elementlarining uzluksiz o’zgarib turishi mahalliy Iqlimni vujudga keltiradi. Iqlim elementlarining kichik-kichik daraxtzorlar, sayhonliklar, tepaliklarning turli tomonga qaragan yon bag’irlari, shahar ko’chalari, maydonlari va hokazolar ta’sirida bir necha yuz yoki bir necha o’n m masofada o’zgacha bo’lishi joyning mikroiqlimiy sharoitlari deb ataladi. Yer sharida Iqlimning nihoyatda turli-tuman bo’lishi iqlimiy hududlashtirishni, ya’ni mintaqa (akvatoriya)larni iqlimiy tafovutga qarab qismlarga ajratishni taqozo qiladi. Iqlimiy chegaralarni aniqlashda, ko’pincha, tabiiy chegaralardan foydalaniladi. Iqlimiy hududlashtirishning maxsus sxemalari amaliy iqlimshunoslik masalalarini hal etish bilan bog’langan bo’lib, Meteorologik sharoitlarning o’rganiladigan ob’yekt (ekinlarning rivojlanishi va hosili, transport va turli xil inshootlardan foydalanish, turli xil iqlim sharoitida inson o’zini qanday his qilishi)ga ta’sirini tadqiq qilish natijalariga asoslangan. Masalan, paxtaning ma’lum navini yetishtirish uchun vegetatsiya davrida temperaturaning minimal yig’indisi 4000° bo’lishi kerak bo’lsa, samarali harorat yig’indisi xaritadagi 4000° ga teng bo’lgan izochiziq paxta o’stirish mumkin bo’lgan hududni chegaralab beradi. Qishloq xo’jalik o’simliklarining tarqalish chegarasi, ularning mahsuldorligi ko’p jihatlardan Iqlim sharoitlariga bog’liq. Bu sharoitlarni hisobga olish qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini ixtisoslashtirish, qishloq xo’jalik o’simliklarini joylashtirish va ularni yangi hududlarga siljitishda, agrotexnik, meliorativ va boshqa tadbirlar tizimlarini ishlab chiqishda, ekinlarning yangi navlarini yaratish va boshqalarda juda zarur. Yer sharining turli qismlarida Iqlim omillarining tabiiy-geografik jarayonlarga ta’sirini chuqurroq o’rganish maqsadida rus geofizigi M. I. Budiko shu joyning yillik radiasiya balansi va quruqlik indeksidan foydalanishni, iqlimiy hududlashtirishga genetik yondashish usulini tavsiya etadi. Bu usul bilan yer shari iqlimiy jihatdan turlicha bo’lgan hududlarga ajratiladi. Rus iqlimshunosi B. P. Alisovning hozirgi kunda keng foydalaniladigan va juda mukammal iqlimiy hududlashtirish sxemasi genetik yondashish usuliga asoslangan. Bu sxemaga turli geografik kengliklarda yer yuzasi bilan atmosferaning issiqlik va namlik almashinuvi ta’sirida vujudga keluvchi havo massalarining geografik turlari asos qilib olingan. B. P. Alisov yer sharini Iqlim hosil bo’lish jarayoni bir-biridan keskin farq qiladigan 7 ta Iqlim mintaqasiga ajratgan. Uzluksiz va tez-tez o’zgarib turadigan obhavoga nisbatan Iqlim turg’unlik xususiyatiga ega va u o’n hamda yuz yillar mobaynida juda kam o’zgaradi. Keyingi 1000 yil ichida 20-asr eng iliq davr hisoblanadi. Jumladan, 90-yillar eng iliq o’n yillik sanalib, havoning o’rtacha harorati global miqyosda 0,3°-0,6° yuqori bo’lgan. Iqlim o’zgarishini baholashda yaqin 30 yillik (1961-90) dagi o’rtacha me’yor qabul qilingan. O’zbekistonda tayanch gidrometeorologiya stantsiyalari (Urganch, Tomdi, Qorako’l, Qarshi, Sherobod, Samarqand, Jizzax, Toshkent va Farg’ona)ning ko’p yillik kuzatuv ma’lumotlariga qaraganda, o’rtacha yillik havo harorati ko’tarilib bormoqda. 2000 yil havoning o’rtacha harorati iqlimiy me’yordan 1,13° yuqori bo’lib, 1941 yildagidek iliq bo’lgan. O’zbekistonda ekstremal iliq (me’yordan yuoqori) bo’lgan – 1941, 1983, 1995, 1997 va 2000 yillarni ko’rsatish mumkin. Respublikada keyingi 10 yillikda yog’in-sochin miqdori kam bo’lgan (me’yorning 63— 67 foizi) – 1995, 1996 va 2000 yillarni ko’rsatish mumkin. Havo haroratining o’rtacha oylik minimal va maksimal qiymatlarini ikki me’yoriy davrga (1931-60, 1961-90) nisbatan qiyosiy tahlili O’zbekistonda isishning davom etishini ko’rsatmoqda. Tabiiy ofatlar (masalan, dul, tuman, o’rmondagi katta yong’inlar va boshqalar)ning oldini olish maqsadida atmosferaga faol ta’sir ko’rsatilmoqda. Lekin bu sun’iy ta’sirlar hudud Iqlimiga deyarli ta’sir etmaydi. Oxirgi o’n yilliklarda Orol bo’yida gidrologik maromning haddan tashqari salbiy o’zgarishlari, Orol dengizi tangligi, bu hududdagi sharoitning rivojlanish tendentsiyasi, havzadagi Amudaryo deltasining suv bilan ta’minlanishi bug’lanishning hozirgi vaqtdagi va Iqlim o’zgarishidagi maromini, uning chegarasida tabiat landshaftlari ekologik holatini batafsil o’rganish lozimligini taqozo qiladi. Kuzatilgan isish barcha tog’muzliklar maydonining qisqarishiga sabab bo’lmoqda. Aerofotokuzatuv ma’lumotlariga qaraganda Pomir-olay muzliklari 1957-80 yillar davrida 19% suvni yo’qotdi. Keyingi yillarda ham tog’-muzliklarining qisqarish jarayonlari davom etmoqda. Bu esa o’z navbatida tog’dagi daryo oqimlarining qisqarishiga va hududni yanada aridlanishi (quruqlanishi) ga olib keladi. Ad.: Bal Ashova E. N., Jitomirskaya O. M., Semyonova O. A., Klimaticheskoe opisanie Respublik Sredney Azii, L., 1960; Maqsudov X. S, iqlimshunoslik asoslari, T., 1978; Monin A. S, Shishkov Yu. A., Istoriya klimata, L., 1979; Muminov F. A., Pogoda, klimat i xlopchatnik, L., 1991. Tohir Muxtorov.