Isaboyev usta Ro’zimatxon

Isaboyev usta Ro’zimatxon (1885 — Namangan — 1963.3.11) — sozanda (tanbur, g’ijjak, chang), cholg’u asboblar ustasi, pedagog. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1940). Farg’ona vodiysida Jalolxon hofizdan tanbur, g’ijjak chalish va cholg’u asboblar yasashni, Ramazon Oxundan chang chalish, Buxoroda Ota Jalol Nosirovdan Shashmaqomning ayrim yo’llarini, Samarqandda Hoji Abdulaziz Abdurasulovdan «Samarkand ushshog’i», «Guluzorim», «Karimqulbegi»ni o’zlashtirgan. 20-yillargacha temirchilik va sozandalik bilan shug’ullangan. Namanganda xalq sozandalari ansambli (1921-25) hamda Andijon (1925-27), Namangan (1928-31)da musiqa to’garaklari va Namangan teatri (1931-52)da musiqa rahbari. Namangan musiqa maktabi (keyinchalik bilim yurti) xalq cholg’u asboblari bo’limida pedagog (1947-63). Namanganda qo’yilgan «Halima» (F. Zafariy, 1923), «Farqod va Shirin», «Layli va Majnun» (Hurshid, 1934, 1935) va boshqa spektakllarga xalq kuylaridan tanlagan. «Kurash», «Cho’li Iroq», «Qo’qon Ushshog’i», «Shahnozi Gulyor» kuylarini mahorat bilan ijro etgan.