Ituzumdoshlar

Ituzumdoshlar (Solanaceae) -ikki urug’pallalilar sinfiga mansub o’simliklar oilasi. O’t, butachalar, lianalar va kichik daraxtlardan iborat. Barglari yonbargchasiz, ketma-ket joylashgan, gullari ikki jinsli. Kosachasi va gultoji 5 bo’lakli. Changchisi 5 ta. Mevasi — rezavor yoki ko’sakcha. Ituzumdoshlarning 90 turkumi, 2900 turi bo’lib, ular yer sharining mo’tadil iqlimli, tropik, subtropik mintaqalarda, xususan, Janubiy va Markaziy Amerikada keng tarqalgan. Ituzum, pomidor, Mandragora, oqching’il kabi turkumlari katta ahamiyatga ega. Ituzumdoshlarga kartoshka, pomidor, tamakigul, tamaki va boshqa ekinlar kiradi. Ko’pchilik Ituzumdoshlar — skopoliya, mingdevona, bangidevona va boshqalar tarkibida alkaloidlar bor. Ba’zi Ituzumdoshlar manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi.