JABBOROV ILHOM

JABBOROV ILHOM (1945.30.6, O’rta Chirchiq tumani) — haykaltarosh, O’zbekiston Badiiy Akademiyasining akademik (1997), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1989). Respublika rassomlik bilim yurti (1965) va Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (1971)ni tugatgan. 1995 yildan Respublika rassomlik kollejida o’qituvchi. 1997 yildan Milliy rassomlik va dizayn institutida haykaltaroshlik ustaxonasi rahbari, professor. Jabborov asarlarida an’anaviy realistik haykaltaroshlik uslubiga xos xususiyatlar milliy mavzu va ta’sirchan obrazlarni ifodalashda o’z aksini topgan. Dastgohli va mahobatli asarlari (portret, tarixiy shaxslar qiyofasi aks ettirilgan) umumlashma va ramziylik yo’lida yaratilgan. «Xayol» (yog’och, 1974), «Mashrab» (yog’och, 1974), «oqshom» (yog’och, shamot, 1980), «dam olish» (shamot, 1982), «Falakning gardishi» (shamot, 1983), «1941-45 yillar» triptixi (shamot, 1985) va boshqalar. Toshkentdagi Furqat (bronza, granit, 1982; me’mori S. Sutyagin), Ur- gutdagi Navoiy (mis, 1985), Namangandagi Mashrab (mis, 1988), Toshkent (1992), Samarqand (1997) va Shahrisabz (1997) dagi Amir Temur haykallari (bronza; me’mori F. Ashrafiy), Farg’onadagi Al- Farg’oniy (bronza, 1998), Toshkentdagi «Ona» (bronza, 1999), Urganchdagi jalo- liddin Manguberdi (2000) haykallari J.ning mahobatli asarlaridan. «Mehnat Shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (2001).