Ko’p marotaba foydalaniladigan kosmik kemalar nega kerak?
Kosmik kemalarni uchirish ulkan miqdordagi moddiy sarf-xarajatlarni talab qiladi, lekin bu sarf-xarajatlar o’zini qisman oqlaydi, xolos. Masalan, fazokorlarni oyga olib borib qo’ndirgan «Apollon» kosmik kemasidan yerga ichiga atigi bir necha tonna yuk ortilgan kichik bir kabina qaytib keldi, xolos. Xuddi shu sababli turli mamlakatlarning olimlari yerga bus-butun holida eson-omon qaytadigan kosmik kemalarni yaratish ustida ishlay boshladilar. Bunday apparatlar sobiq SSSRda va AQShda bir necha yil burun yaratildi. Ularni «kosmik moki» ham deb atashadi. Parashyutlar yordamida yerga qo’nadigan raketalardan farqli o’laroq, bu apparatlar qanotlidir va xuddi tayyora singari yerga qo’nadi. Ular koinotdan umumiy og’irligi 19,5 tonnagacha keladigan avval ishlatilgan yo’ldoshlarni olib qaytishi mumkin. Bunday kemalar, shuningdek, kosmik texnologiyani rivojlantirish maqsadida ham qo’llaniladi. Ular orbitaga har xil ishlab chiqarish jihozlarini (masalan, alohida toza moddalar, dorilar va kristallarni olish uchun), shuningdek, quyosh energiyasi bilan ishlaydigan kosmik elektr stantsiyalarni orbitaga olib chiqa oladi. Hozirgi paytda bunday kemalar sun’iy yer yo’ldoshlarini ta’mirlash va ulardagi jihozlarni yangilash uchun ham muvaffaqiyatli qo’llanilmoqda.