Lift qay tariqa ixtiro qilingan?

Dastlabki liftlardan biri hali XIII asrdayoq fransuz rohibi Villar de Onnekur tomonidan ixtiro qilingan edi. U Arximed murvatidan foydalanib uzum solingan savatlarni va sharob to’la bochqalarni ko’taradigan moslama yaratadi. U ustiga qo’yilgan yuklarni ko’taradigan maydoncha ko’rinishida bo’lgan. Onnekurning ixtirosi og’ir yuklarni ko’tarishga imkoniyat berardi-yu, ammo judayam sekin ishlardi. Shuning uchun undan lift sifatida emas, balki aytarli og’ir bo’lmagan yuklarni ko’tarish uchun foydalanishgan. Siz endilikda uni murvatli avtomobil domkratlarida ko’rishingiz mumkin. Yuklarni katta balandlikka ko’tarish uchun otlar yoki suv bilan aylantiriladigan bloklar va chig’irlar tizimidan foydalana boshladilar. Bunga o’xshash mexanizmlardan XVII asr oxiriga qadar kondan ko’mirni tepaga ko’tarish uchun foydalanildi, shundan keyin uzatma sifatida bug’ bilan ishlaydigan mashinalardan foydalanila boshlandi. XIX asr boshlaridan e’tiboran maishiy uylarda g’idravlik uzatmali liftlar o’rnatila boshlandi. Uning asosiy qismi — silindr bo’lib, unga aytarli katta bo’lmagan nasos yordamida suv haydalardi. Bloklar va simarqonlar tufayli silindrning harakati unga tirkalgan kabinaga ham uzatilardi. Biroq bunday liftlar juda sekin harakatlanardi. Shu bois 1857 yildayoq amerikalik ixtirochi Ilaysh Otis bug’ uzatmali yo’lovchi liftining konstruktsiyasini o’ylab topdi. Otis ixtirosining mohiyati u simarqonni blok ustidan oshirib tashlab kabinani posangi bilan muvozanatlashtirishda mujassamlashgan edi. Shunday qilib, katta quvvatli chig’irga zarurat o’rinsiz bo’p qoldi. Uzoq yillar davomida Otisning lifti Nyu-York univermaglaridan birida ishlab turdi. Otisning ixtirosi shu qadar keng ommalashib ketdiki, uning firmasi XX asrning 30-yillarida ham dunyodagi yetakchi lift ishlab chiqaruvchi korxona edi. Endilikda lift elektrodvigatel bilan harakatga keltiriladi. Shunday bo’lsa hamki, Otis o’ylab topgan posangili lift konstruktsiyasi o’zgarishsiz saqlandi. Otis esa erishgan narsasida to’xtab qolmadi. Bir necha yildan so’ng u yanada unumli ko’tarish mashinasiga patent oladi. Bu eskalator — zina poyalariga ega tuganmas lenta edi. U tez orada juda keng tarqaldi, chunki har qanday liftdan ko’ra ancha katta unumdorlikka ega edi-da.