«Lison ut-tayr»

«Lison ut-tayr» (Arabcha — «Qushlar tili») — Alisher Navoiyning dostoni, o’zbek mumtoz adabiyoti va o’zbek adabiy tilining muhim yodgorliklaridan. 1498-99 yilda fors shoiri Farididdin Attorning «mantiq ut-tayr» asari ta’sirida yozilgan. Asar syujeti va bosh g’oya xususida Attorga izdoshlik qilgan. «Lison ut-tayr» falsafiy Doston bo’lib, shoir unda majoziy obrazlar, qahramonlarning sarguzashtlari orqali tasavvufiy g’oyalarini ifodalagan. Navoiy asarda Xudo tashqarida emas, sening o’zingda, degan fikrni olga suradi. Shu yo’sinda insonni ulug’laydi, uning kamolotga erishish yo’lini yuksak she’riy mahorat bilan bayon etadi. «Lison ut-tayr» 3598 baytdan (176 kichik bobdan) iborat bo’lib, aruz vaznining ramali musaddasi maqsur (foilotun — foilotun — foilon) vaznida yozilgan. Asardagi boblar alohida epizodlardan, savol-javoblardan, kichik hajmli hikoya va masallardan tashkil topgan. Asardagi hikoyalarda Navoiy buyuk hikoyanavis sifatida ko’zga tashlanadi. «Lison ut-tayr» Alisher Navoiyning 20 jildli mukammal asarlar to’plami 12-j. (T., 1996)dan o’rin olgan. Ad.: Sharipov Sh., Alisher Navoiy «Lison ut-tayr» dostonining genezisi va g’oyaviy-badiiy xususiyatlari, T., 1982; Sultonmurod O., Naqshband va Navoiy, T., 1996.